SOTUVCHI OʻZ MAJBURIYATINI ADO ETDI

Toshloq tumani Xoʻjaariq mahallasida yashovchi A.Xasanov Quva tumani Rasta buyum bozori hududida savdo faoliyati olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Q.B.dan akkumulyator sotib oladi. Oʻrtada oldi-sotdi jarayoni amalga oshirilib, sotuvchi akkumulyatorga 1 yillik kafolat muddati vaʼda qiladi. Oldi-sotdi amalga oshirilganda 2017 yilning noyabr oyi boʻlgan. Lekin buni qarangki, kafolat muddati ichida akkumulyator nosoz holga kelib qoladi. Isteʼmolchi bu haqda sotuvchiga murojaat qilib, oʻzining qonuniy huquqini, yaʼni kafolat muddati ichida nuqsoni aniqlangan tovarni sifatlisiga almashtirib berilishini talab qiladi. Biroq sotuvchi uning qonuniy talablarini bajarmaydi. Bu holatda qanday yoʻl tutishni bilmagan isteʼmolchi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ishonch telefoniga murojaat qiladi. Bosh prokuratura tomonidan murojaatni oʻrganishga Federatsiya masʼul xodimlari jalb qilinadi.

Quva tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati masʼul xodimlari tomonidan isteʼmolchi murojaatini oʻrganish jarayonida sotuvchi bilan uchrashildi. Suhbat jarayonida sotuvchining davlat roʻyxatidan oʻtib, savdo faoliyatini qonuniy asoslarda olib borayotganligi maʼlum boʻldi. Sotuvchi haqiqatan ham isteʼmolchi A.Xasanovga 435000 (toʻrt yuz oʻttiz besh ming) soʻmga akkumulyator sotganligini, tovarga bir yilga kafolat taloni berganligini tan oldi. U isteʼmolchiga rad javob bermaganligini, balki u bilan telefonda gaplashgach, yodidan koʻtarilib qolganligini qoʻshimcha qildi. Shunday boʻlsada, sotuvchiga Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni 13-moddasi boʻyicha isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari, 14-moddasi boʻyicha nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi va muddatlari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi. Tushuntirishlardan toʻgʻri xulosa chiqargan sotuvchi nuqsonli tovarni sifatlisiga almashtirib berib, oʻzining isteʼmolchi oldidagi majburiyatini toʻliq ado etdi.