Federatsiya ustavi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

Ustavi

1. Umumiy shartlar

1.1. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi (keyingi o‘rinlarda – “Federatsiya” deb yuritiladi) O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakatini har tomonlama rivojlantirish yo‘li bilan iste’molchilarning huquqiy himoyalanish darajasini oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda tashkil etilgan bo‘lib, o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkilotidir. Uning tashkiliy-huquqiy shakli jamoat birlashmasi.

1.2. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida” va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari asosida tashkil etilgan.

1.3. Federatsiya va uning tashkiliy hududiy tuzilmalari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va mazkur Ustav asosida amalga oshiradi. Ushbu Ustav Federatsiya va uning tashkiliy hududiy tuzilmalari bo‘lgan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari va ularning hududiy birlashmalari uchun yagona ta’sis hujjati hisoblanadi.