YODIDAN KOʻTARILGAN EKAN

Uchkoʻprik tumani Toshkentliguzar mahallasida yashovchi isteʼmolchi J.Axmadjonov Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatida oʻzining tuman MIB xodimlariga foydalanilgan gaz uchun toʻlov qilganligi, lekin toʻlov summasi tumangaz idorasidagi shaxsiy hisob raqamiga kelib tushmaganligi holatidan norozi boʻlib murojaat qilgan.

Tuman jamiyati xodimlari tomonidan murojaatda koʻrsatilgan holat boʻyicha oʻrganish ishlarini olib borish maqsadida tuman MIB masʼul xodimi bilan fuqaroning xonadoniga tashrif buyurilganda, xonadonda Novator rusumidagi gaz hisoblagich uskunasi foydalanuvdaligi, muhrlari joyidaligi kuzatildi va bu haqda joyida dalolatnoma rasmiylashtirildi.

Tumangaz idorasining hisoblash dasturidan fuqaroning abonent kartasi olinganda, uning tomonidan toʻlanganligi daʼvo qilinayotgan 290000 (ikki yuz toʻqson ming) soʻm toʻlovni haqiqatda kelib tushmaganligi ham qayd qilindi.

Oʻrganishlardan maʼlum boʻlishicha, shu yilning mart oyida isteʼmolchining xonadoniga tashrif buyurgan tuman MIB xodimi Q.Tojiboyev isteʼmolchidan 290000 soʻm naqd pulni olib, uning hisob raqamiga tushirib qoʻyishni vaʼda qilgan. Lekin toʻlovni amalga oshirib qoʻyish uning “yodidan koʻtarilib qolgan”. Bu orada u MIB tizimidan ishdan chiqib ketgan.

Oʻrganish ishlari olib borgan masʼul xodimlar tomonidan MIBning sobiq xodimi bilan uchrashilganda, u haqiqatan ham fuqaro tomonidan toʻlov amalga oshirilganligini tan olib, toʻlov summasini oʻz yonidan qoplab berdi. Oʻrganish davomida mablagʻni fuqaroning shaxsiy hisob raqamiga tushirilishiga erishildi.