QO‘SHIB YECHILGAN MABLAG‘…

– “Opa, bizga 10 metr kabel yetmayapti tez olib kelmasangiz ishimiz to‘xtab qoladi.” Karima opa ustalarning bu gapidan tashvishga tushdi,chunki uyida o‘zidan boshqa hech kim yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham darhol tuman markazidagi qurilish mollari do‘koniga yo‘l oldi.

Do‘konga kirib, aytilgan mahsulotni tanlab oldi va to‘lash uchun plastik kartochkasini kassa yonidagi yoshi kattaroq sotuvchiga berdi. To‘lovni amalga oshirib chekni qo‘liga olib ko‘zdan kechirsa, sotuvchi 9500 so‘m o‘rniga 95000 so‘m mablag‘ni yechib olgan edi. Chekni do‘kon sotuvchisiga ko‘rsatganida “Nima qipti endi shunga, do‘kondan shu pulga yarasha maxsulot sotib olaverasiz,” – dedi u bamaylixotir. Karima opa sotuvchiga plastik kartochkasida atigi yuz ming so‘mgina borligini, ortiqcha yechilgan mablag‘ni qaytarib berishini, unga boshqa savdo do‘konidan oziq-ovqat sotib olishi kerakligini harchand tushuntirishga urinmasin sotuvchi unga rad javobini berdi. Shundan so‘ng u savdo do‘konida ilingan “Iste’molchi burchagi”dagi Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xizmat telefoni raqamiga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldi.

Huddi shu kunning o‘zida jamiyat xodimining sotuvchiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida, Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas, deb belgilab qo‘yilganligini tushuntirishi natijasida, sotuvchi M.Botirov iste’molchidan ortiqcha yechilgan 85500 so‘m mablag‘ni iste’molchining talabiga asosan naqd pul shaklida qaytarib berdi.

Muammosi bartaraf etilganidan xursand bo‘lgan iste’molchi jamiyat raisi va xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Bag‘dod tumani IHHQJ matbuot xodimi M.Oltiboyeva