Yangiliklar

Helen xonim Orolni ko‘rmoqchi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov Xalqaro iste’molchilar tashkilotining bosh direktori Helen Loren xonim bilan uchrashdi.

Unda J. Sarimsoqov federatsiyaning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, huquqiy savodxonlik oshirish borasidagi ishlari haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, federatsiyaning joriy yil boshida “Orolbo‘yini obod qilamiz!” shiori ostida Orol dengizining qurib qolgan tubida 5000 gektar yerga saksovul ekish loyihasini amalga oshirgani bosh direktorda qiziqish uyg‘otdi.

− Orol dengizi fojiasidan xabarim bor, –deydi Loren xonim.–Uning qurib qolgan o‘rnida paydo bo‘lgan ulkan chang va tuzni shamol turli taraflarga yoyib, atrof muhitga zarar keltirmoqda.
Federatsiyaning asosiy faoliyatiga qo‘shimcha ravishda ushbu ekologik halokatni jilovlashga qo‘shgan hissasi meni hayron qoldirdi. Kelgusida O‘zbekistonga borib, Orolni va uning atrofida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘rish niyatidaman.

Uchrashuvda ikkala tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi.