AVIABILЕT UCHUN TO‘LANGAN 1 835 000 SO‘M MABLAG‘ ISTE’MOLCHIGA QAYTARILDI.

Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Shahrisabz tumani “Nushkent” qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.Fayzullayev ariza bilan murojaat qilib, Shahrisabz shahridagi “UTAIR AVIATION” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan aviakassadan 1 835 000 so‘mga aviabilet sotib olganligi, lekin salomatligi yomonlashganligi bois, Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun borish imkoniyati yo‘qligini aytib, aviakassa xodimlaridan bilet uchun to‘langan pullarni qaytarib berishlarini so‘ragan. Biroq, aviakassa xodimlari tomonidan aviabilet uchun to‘langan pullar qaytarib berilmagan. Fuqaro ushbu holatni bartaraf etishda jamiyat xodimlaridan ko‘mak berishlarini so‘ragan.
Jamiyat mas’ul xodimlari ishtirokida tashkil etilgan o‘rganishlar jarayonida fuqaro M.Fayzullayevning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli unga Rossiya davlatiga boraolmayotganligi, bu haqda Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi ma’lumotnomasi mavjudligi, shunga qaramasdan Rossiya Federatsiyasining “UTAIR AVIATION” kompaniyasining Samarqand viloyatidagi vakolatxonasiga qarashli Shahrisabz shahrida joylashgan aviakassa xodimlari tomonidan uning talabi rad etilib, aviabilet uchun to‘langan pullar qaytarilmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Shahrisabz shahar iste’molchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyati xodimlarining aviakassa xodimlariga ushbu holatda O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilganligi tushuntirishi natijasida aviabilet uchun to‘langan 1 835 000 so‘mga mablag‘ aviakassa xodimlari tomonidan iste’molchiga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.