“1091” SIZNI ESHITADI VA MUAMMOINGIZNI HAL QILADI

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Beshariq tuman jamiyati ijro apparati tomonidan Beshkapa qishlog‘ida yashovchi fuqaro Akmaljon Shermatov Federatsiyaning “1091” qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. Iste’molchi o‘z murojaatida tuman gaz idorasi tomonidan aholiga, jumladan o‘zi yashab kelayotgan hududdagi xonadonlarga suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi uzilishlardan noroziligini bildirib, iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlarini himoya qilinishini so‘ragan.

Murojaat gaz ta’minoti hududiy filialining Beshariq tuman uchastkasi aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘limi mas’ul xodimlari bilan birgalikda o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida, hozirgi kunda tashkiliy-texnik sabablarga ko‘ra, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash 60-70 kunda amalga oshirilayotgani natijasida gaz ballonlarini aholiga yetkazib berish muddatlari uzaytirilganligi, bu holatning o‘z-o‘zidan aholiga noqulayliklar tug‘dirayotgani qayd qilindi.

Mas’ullarga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etish, aholi – suyultirilgan gaz iste’molchilari murojaatlariga e’tiborli bo‘lish, shartnoma shartlariga rioya etish kabi holatlar ham ta’minotchi ham iste’molchilar munosabatlarini faqat yaxshilashgagina xizmat kilishi tushuntirildi. O‘rganish davomida A.Shermatov yashash hududi to‘lik suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Murojaati ijobiy hal etilganligidan minnatdor bo‘lgan murojaat muallifi xodimlarga o‘z tashakkurini bildirdi.