3 OYDA ISTE’MOLCHILAR FOYDASIGA 1 MILLIARDGA YAQIN MABLAG‘ QAYTA HISOB-KITOB QILIB BЕRILDI

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2018 yil I chorak yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Federatsiya va quyi tuzilmalariga kelib tushgan ariza va shikoyatlarning 2 974 tasi ya’ni, 88 foizi ijobiy hal etilishi natijasida, iste’molchilar foydasiga jami 922 701 359 so‘m yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berilgani alohida ta’kidlandi.

Shundan, Federatsiya va uning tuman-shahar jamiyatlari tomonidan, iste’molchilardan tushgan 38 ta ariza va shikoyatlari asosida iste’molchilarning manfaatlarini ko‘zlab sud organlariga da’vo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 89 041 950 so‘m moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Bundan tashqari, Federatsiyaning tuman-shahar jamiyatlari tomonidan, iste’molchilardan tushgan jami 60 ta murojaat iste’molchilarning manfaatlarini ko‘zlab nazorat organlariga o‘tkazilib ijobiy xal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga 5 307 000 so‘m hisoblanishiga erishildi.

Aholi tomonidan mazkur hisobot davrida federatsiya va uning hududiy bo‘linmalariga qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilindi va iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarning katta qismi tabiiy gaz ta’minoti sohasiga 942 ta (jami arizalarning 27,9 %), savdo sohasiga 874 ta (jami arizalarning 25,9 %), elektr ta’minoti sohasiga 532 ta (jami arizalarning 15,7 %), kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga 134 ta (jami arizalarning 4,0 %), suv ta’minoti sohasiga 178 ta (jami arizalarning 5,3 %), transport sohasiga 94 ta (jami arizalarning 2,8 %), aloqa sohasiga 87 ta (jami arizalarning 2,6 %), sog‘liqni saqlash sohasiga 57 ta (jami arizalarning 1,7 %) va boshqa sohalarga 482 ta (jami arizalarning 14,3 %) mansubligi qayd etildi.

Bu ko‘rsatgichlar fuqarolarimizning Federatsiyaga bo‘lgan ishonchi kundan-kunga ortib borayotganligidan darak beradi. Misol uchun, 2017 yil yakunida “Iste’molchilar ko‘proq qaysi davlat organiga ishonadi?” degan savol bilan potrebitel.uz axborot resursi keng jamoatchilik o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. So‘rov qatnashchilariga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zstandart” agentliklaridan birini belgilash imkoniyati berildi. Natijalarga ko‘ra 56,6 foiz ovoz bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi iste’molchilar ishonadigan tashkilotlar ichida peshqadam ekanligini ko‘rsatdi.

Choraklik davrida “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalariga fuqarolardan jami 1 367 ta murojaat (kommunal xo‘jalik-169 ta, savdo-278 ta, sog‘liqni saqlash-80 ta, gaz ta’minoti-179 ta, suv ta’minoti-55 ta, aloqa-39 ta, transport-77 ta, elektr ta’minoti-147 ta va boshqa sohalarga-343 ta) kelib tushgan bo‘lib, shundan 817 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga qonun talablari yuzasidan tushuntirishlar, 107 ta murojaat yuzasidan davlat va nazorat qiluvchi organlarga, 17 tamurojaat yuzasidan esa sud organlariga murojaat qilish taklifi berildi. Yagona interaktiv portal orqali Federatsiyaga tegishliligi bo‘yicha jami 60 ta murojaat kelib tushgan hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda ijrosi ta’minlangan.

Hisobot davri davomida Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari hamda tuman, shahar jamiyatlariga iste’molchilardan jami 3 380 ta: 1 634 ta, (48,3 %) yozma, 1 675 tasi (49,6 %) og‘zaki murojaatlar hamda Federatsiyaning virtual qabulxonasi va yagona davlat interaktiv portaliga 71 ta (2,1 %)elektron murojaatlar kelib tushgan.

Aholi bilan muloqotlarni yanada samarali tashkil etish, joylarda sayyor chiqishlar orqali fuqarolarning muammolarini tizimli o‘rganish, muloqotlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishida samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2018 yil 5 fevraldagi 11-i/ch-sonli buyrug‘iga asosan, har oyning ikkinchi o‘n kunligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari, tuman-shahar jamiyatlari ijro etuvchi apparatlari raislarining aholi bilan uyma-uy yurib muloqot qilish kunlari etib belgilandi.

Ushbu buyruq ijrosi yuzasidan jamlangan ma’lumotlarga ko‘ra,
2018 yilning 1-choragi mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari va tuman-shahar jamiyatlari raislari tomonidan aholi bilan 1997 marta muloqot o‘tkazildi. Aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlardan ma’lum bo‘ldiki, aksariyat iste’molchilar uy-joy kommunal, savdo va sog‘liqni saqlash sohalarida muammolarga duch kelishmoqda.

Federatsiya hududiy birlashmalari va tuman-shahar jamiyatlarining o‘z mablag‘lari hamda homiylar mablag‘lari hisobidan 2018 yilning I choragi davomida aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishi jarayonida 23 nafar kam ta’minlangan fuqarolar holidan habar olinib, ularga 13 million 515 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Furqat ALIMARDON