Yangiliklar

38 MILLION SO‘M ISTE’MOLCHIGA QAYTARILDI!

Qonun ustuvorligi, albatta har bir jamiyatda tartib va adolat tantana qilishidan dalolat.

Biroq, ayrim hollarda iste’molchilar turli muammolarga duch kelishmoqda. Olot tumani Denov MFY Olmazor qishlog‘ida istiqomat qiluvchi O‘tkir Azimov yaxshi niyat bilan Buxoro shaxridagi “Umid” avtolizing tashkilotiga “Nexia-3” yevro 2-pozitsiya avtomoshinasi uchun shartnoma asosida pul to‘laydi. Naqd 38 000 000 (o‘ttiz sakkiz million) so‘mni xech qanday e’tirozlarsiz, o‘z vaktida topshiradi va avtoulov kelishini kutadi. Buni qarangki, na avtomobildan darak bor, na shartnomadagi va’da berilgan shartlardan. Natijada iste’molchi O‘tkir Azimov fuqarolik huquqlari paymol etilganini tushunib yetadi, hamda shartnomani bekor qiladi. Biroq “Umid” avtolizing tashkiloti 38 000 000 (o‘ttiz sakkiz million) so‘m pulni qaytarishni paysalga solib keladi.

Sabr kosasi to‘lgan xaridor, to‘lagan barcha pulini qaytarib olishda amaliy yordam so‘rab, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Ishonch telefoni” 1091 ga murojaat qiladi. Federatsiya mutaxassislari vaziyatni o‘rganib chiqishdi. Har ikki tomon bilan yaqindan muloqotda bo‘lib, ularga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonun haqida tushuntirish berildi.

Oqibatda, O‘tkir Azimov tomonidan to‘langan 38 000 000 (o‘ttiz sakkiz million) so‘m pul mablag‘i to‘liq qaytarildi. “Umid” avtolizing tashkilotiga esa kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qonun doirasida dalolatnoma tuzildi.