5 million soʻmlik kitob taqdim etildi

Asrlar davomida oʻz bagʻrida olam-olam sirlarni yashirib kelayotgan viqorli togʻlar, bepoyon dalayu dashtlar, koʻrkam bogʻ-rogʻlar, zilol chashmalar, inson ruhiyatiga orom beruvchi dilbar tabiat – Soʻx tumanining oʻziga xos tashrif qogʻozidir.

Garchi poytaxtdan olisda joylashgan boʻlsa-da, koʻp millatli soʻxliklarning kengfeʼli, samimiy mehmondoʻstligi, mehnatkash va tantiligi ularga boʻlgan hurmat va ehtiromni doimo oshiradi. Bugun bu yerda oʻzaro totuvlik, millatlararo doʻstlik va ahillik muhitida 76 mingdan ziyod aholi osuda va tinch hayot kechirishmoqda.

Hududdagi yangilanishlar, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni bevosita kuzatish, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tuman jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, aholining yuksak isteʼmol madaniyatini oshirish boʻyicha qilinayotgan koʻlamli ishlarni oʻrganish maqsadidaFederatsiya raisi J.Sarimsoqov Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida boʻldi.

Federatsiya rahbari mahallalarda boʻlib, tuman aholisi bilan muloqotlar oʻtkazdi. Tuman hokimi Farrux Usarov bilan uchrashuv chogʻida isteʼmolchilar bilan hamkorlik borasida bajarilgan ishlar, kelgusida bu yoʻnalishda hal qilinishi kerak boʻlgan dolzarb vazifalar va rejalar muhokama qilindi.

Uyma-uy yurish asnosida aholi muammolarini samarali oʻrganish, ularni tizimli yechish mexanizmlarini hayotga tatbiq etish, davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yanada faollashtirish haqida atroflicha fikr almashildi.

Xonadonlariga kirilib, nuroniy otaxonlar va munis onaxonlarning islohotlar jarayonlari haqidagi dildan aytilgan fikr-mulohaza va takliflariga quloq solindi, oddiy insonlarni oʻylantirayotgan muhim masalalar va muammolar oʻrganildi,kamchiliklar yechimi boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatishyuzasidan Fargʻona viloyati va tuman jamiyatlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.

J.Sarimsoqov jamiyat xodimlari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlashda talabchanlik va qatʼiylikni har qachongidan oshirish, uyma-uy yurish asosida xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, yuzma-yuz muloqot tizimiga oʻtish, hech bir arizani eʼtibordan chetda qoldirmaslik, sohaga oid qonun va hukumat qarorlarini ijro etishda jamoatchilik nazoratini ogʻishmasdan amalga oshirish, aholini ish bilan taʼminlashga munosib hissa qoʻshish masalasiga jiddiy urgʻu berdi.

Xususan, “Ravon” mahallasida istiqomat qiluvchi, kam taʼminlangan va nogironligi bor, moddiy yordamga muhtojva yakka-yolgʻiz Malika Moʻminova xonadoniga kirildihamda unga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi.

Ijtimoiy soha obyektlari, jumladan 26-umumtaʼlim maktabiga kirildi va yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Taʼlim dargohi kutubxonasiga 5 million soʻmlik yuzdan ortiq kitoblar, jumladan darslik va qoʻllanmalar, badiiy va bolalar adabiyotlari, ilmiy-ommabop asarlar taqdim etildi.