AYBINI TAN OLMAGAN SOTUVCHI!

Bir necha kun oldin shaxsiy avtomobili uchun Samarqand shahridan ehtiyot qismlar sotib olgandi. O`shanda e’tibor bermagan ekan. Sotuvchi plastik kartasidan ikki marta pul yechib olibdi. (400 000 so`m o`rniga 800 000 so`m) Tushunish mumkin, bu balki texnik xatodir, terminallardan ba’zida pul yechib olishda muammolar ham yuzaga kelib turadi. Sotuvchi xatosini tan olib, xushmuomalalik bilan muammoni ijobiy hal qilsa, olam guliston edi. Ammo bunday qilmadi. Ayon bo`lib turgan haqiqatni tan olishni istamadi. Xullas, bu kelishmovchilik fuqaro To`raevni O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga murojaat qilishga undadi.

Murojaat hududiyligi bo`yicha Samarqand viloyat hududiy birlashmasining Oqdaryo tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o`rganib chiqildi. Izza bo`lgan sotuvchi hech qanday gap-so`zsiz o`zi asossiz yechib olgan pullarni iste’molchiga qaytardi.