Yangiliklar

DEHQONOBODNI YANADA OBOD QILUVCHI MASKAN

Har qanday mamlakatning rivoji, taraqqiy etishi shu yurtda yashovchi insonlarning aqliy salohiyati, dunyoqarashi va albatta kitobxonlik darajasiga borib taqaladi.

Boisi har nening asosi ilm. Bilimni esa bevosita kitoblardan olamiz. Endigina hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgan bolalarimiz, yoshlarning kitobga boʻlgan mehrini oshirish, bugungi globallashuv davrida gʻoyatda muhim ahamiyatga ega ekanligi barchamizga ayon haqiqat. Kitobsevarlik muxit orqali shakllanadi. Yaʼni oila, maktab… Eng asosiysi yoshlar oʻsib-oʻnayotgan tumanlarda kitob oʻqishga maxsus joylar, ularni harid qilishga sharoit boʻlsa bolalar oʻqishga qiziqadi. Ota-onalar ham oʻz farzandlariga tugʻilgan kun, bayramlarda kitoblar harid qilib, sovgʻa qilishadi.

Shu onda oʻz bolaligimni esga olgim keldi… Respublikamizning eng chekka tumanlaridan biri boʻlgan Navoiy viloyatining Konimex tumanida voyaga yetganman. Ota-onam oilada kitoblarga boʻlgan muhabbatni shakllantirgan. Tumanimiz markazidagi eski kutubxona binosiga ham ilk bor onam yetaklab borgan. Ijodga, adabiyotning sirli va sehrli olamiga qiziqish paydo boʻlishiga ham shu eski kutubxona sabab boʻlgan aslida. Ammo yangi nashrlardan bahramand boʻlishimiz qiyin boʻlgan oʻsha kezlarda. Ota-onam ham viloyat markaziga borishganda bizga kitoblar olib kelishar, bundan men va ukalarim shodlanar edik. Men kabi respublikaning eng chekka hududlarida yashab, ulgʻayayotgan yigit-qizlarda hali hanuz kitoblar harid qilish, oʻzbek va jahon adabiyotining yangi naʼmunalaridan bahramand boʻlishga imkoniyat kam desam mubolagʻa boʻlmaydi. Bugun yurtimizning turli burchaklarida Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda viloyat, tuman hokimliklari bilan hamkorlikda “Isteʼmolchi kutubxonalari” barpo qilinmoqda. Bu xabarni oʻziyoq qalblarga quvonch bagʻishlaydi. Boisi olis tumanlarda yoshlar uchun barpo etilayotgan bu kabi kutubxonalar qanchadan- qanchadan yoshlarning qalbiga ziyo olib kiradi.

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida ham “Isteʼmolchi kutubxonasi” qurilishi boshlandi. Federatsiya taklifini qoʻllab-quvvatlagan tuman hokimi Zoir Aliqulov tumanda yashovchi aholini, ayniqsa, yoshlarni va ularning kelajagini oʻylagani ulkan yutuq, ertangi yorugʻ kelajakka qoʻyilgan qadamlardan biridir. Aslida oʻz ichida koʻplab sharoit va qulayliklarga ega boʻlgan “Isteʼmolchi kutubxonasida” nafaqat yoshlar, balki shahar va tumanlarda yashovchi aholiga ham ulkan maʼnaviy manba boʻlib xizmat qilishi tayin. Qachonki insonlar oʻz huquq va majburyatlarini toʻla anglab, jamiyat rivoji uchun harakat qilsa mamlakat har sohada rivojlanadi. Surxonning olis Uzunidan Qoraqalpoqning Muynogʻiga qadar mana shunday kutubxonalar tashkil etilsa isteʼmol madaniyatini shakllantirish, insonlar xuquq va manfaatlarini himoya qilish imkoniyati kengaygan boʻlar edi.

Gulnoza Sharafova
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi yetakchi mutaxassisi