Yangiliklar

EGASIGA YETIB BORMAGAN “CHEVROLET NEXIA-3”

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Ishonch telefoni” 1091 orqali Bag‘dod tumani, Nurli yo‘l ko‘chasi, 28-uyda yashovchi M.Xoshimov murojaat qiladi.

Arizada bayon qilinishicha, “Umid savdo fayz invest” MChJ Farg‘ona xududiy filiali va M.Xoshimov o‘rtasida tuzilgan 2018 yil 30 aprel kun imzolangan № G‘-26-sonli avans to‘lovi to‘g‘risidagi shartnomaga asosan, “Chevrolet Nexia-3” avtomashinasi buyurtma qilingan bo‘lib, M.Xoshimov MChJ hisob raqamiga 36 025 000 so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirishi zarurligi qayd etilgan. Jamiyatga esa avtomashinani belgilangan muddat davomida iste’molchiga yetkazib berish majburiyati yuklatilgan.

Iste’molchi boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan, lekin shartnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgan bo‘lsada, “Chevrolet Nexia-3” avtomashinasi egasiga yetkazib berilmagan. Oxir-oqibat avtomashina yetkazib berilmaganligi uchun fuqaro shartnomani bekor qilib, to‘lov qilingan summa qaytarilishini so‘rab, MChJga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq shartnomada ko‘rsatilgan to‘lovning qaytarilish muddati o‘tsa ham to‘langan mablag‘ qaytarilmagan.

O‘rganish davomida “Umid savdo fayz invest” MChJ Farg‘ona xududiy filiali rahbariyati bilan federatsiya vakillari suhbat o‘tkazishdi, tegishli tushuntirishlar berildi va iste’molchining xohishiga ko‘ra, “Chevrolet Nexia-3” avtomashinasi uchun to‘langan summa to‘liq qaytarib berildi.