“ELЕKTR ENЕRGIYASI: ISTE’MOLCHI VA XIZMAT KO‘RSATUVCHI O‘RTASIDAGI MUNOSABATLAR” MAVZUSIDA O‘QUV SЕMINARI

Farg‘ona tumanidagi “Chimyon” sihatgohida “Elektr energiyasi: iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasidagi munosabatlar” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi. Seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tildi. Shuningdek, Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan yuqoridagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-son qarori, Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamda O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentliklarining 2015 yil 30 oktyabrdagi qarorlari bilan tasdiqlangan “Maishiy iste’molchilarning elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom kabi qonunosti hujjatlari bilan sohada iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasidagi munosabatlar tartibga solinganligi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berilib, mazkur masalada Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi va tuman-shahar jamiyatlariga iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar, ularda ko‘tarilayotgan masalalar yuzasidan misollar keltirib o‘tildi.