ICHIMLIK SUVI TAʼMINOTI YAXSHILANDI

Margʻilon shahri B.Gʻaniyev koʻchasi 4-uy 15-xonadonda yashovchi Sh.Rahimova Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, toza ichimlik suvi taʼminotidagi uzilishlardan noroziligini bildirgan edi.

Murojaat tegishliligi boʻyicha Margʻilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganib chiqildi. Oʻrganish ishlariga “Suvoqova” DUKning Margʻilon shahar filiali masʼul xodimlari ham jalb qilindi. Maʼlum boʻlishicha, suv taʼminotidagi uzilishlarga mazkur koʻp qavatli xonadonga ichimlik suvi yetkazib beruvchi chuqurlik nasosining nosoz ishlashi sabab boʻlayotgan ekan. Oʻrganish jarayonida mutaxassislar tomonidan chuqurlik nasosi taʼmirlanib, qaytadan oʻrnatildi. Shuningdek, uyning mansublik chegarasidagi quduq ichimlik suvi venteli ham taʼmirlandi. Natijada hududdagi bir necha koʻp qavatli uylarga toza ichimlik suvi yetkazib berish yanada yaxshilanishiga erishildi.