Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqi delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon 2018-yilning 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan edi.

Oʻzaro anglashuv, konstruktiv va ochiq muhitda oʻtgan muzokaralar davomida Davlat rahbarlari davlatlararo munosabatlarning hozirgi holatidagi dolzarb masalalarni, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi aloqalarning barcha sohalarini qamrab oladigan ikki tomonlama keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qilib, davlatlararo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning oʻsish surʼatini, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va sermahsul munosabatlarning jadal va izchil rivojlanib borish tendensiyasini mamnuniyat bilan eʼtirof etishdi.

Ikki davlat hamkorligining uzviy davomi sifatida hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, tajriba almashish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning zamonaviy usul va mexanizmlarini amaliyotga joriy etish borasida oʻzaro fikr almashish maqsadida Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqi raisi Ilhom Abidov boshchiligidagi Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqi delegatsiyasi 10-14 sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradi.

Tojikiston isteʼmolchilar ittifoqi delegatsiyasi ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif hamda Xarakatlar strategiyasi Markazida ikki tashkilot oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, delegatsiya aʼzolarining Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Fargʻona, Namangan, Samarqand viloyat hududiy birlashmalari faoliyati bilan yaqindan tanishishi koʻzda tutilgan.