2 500 000 SO‘MLIK SIFATSIZ PALTO

Navoiy shahar “Ibn Sino” ko‘chasi 11 uy, 10 xonadonda yashovchi fuqaro Qorayev Shuhrat joriy yilning 26 fevral kuni Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ariza bilan murojaat qildi.

Fuqaro murojaatida Navoiy shahar markaziy buyum bozorida joylashgan 2 qator 5 do‘kondan 2 500 000 (ikki million besh yuz ming) so‘mga qorako‘l teri paltosini xarid qilganligi, ammo paltoni kiyish jarayonida uning sifatsiz ekanligi, nuqsonlari borligi, sotuvchiga murojaat qilganida esa sotuvchi paltoni qaytarib olmasligini aytgan. Iste’molchi noroziligini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam berishni so‘ragan.

Murojaat yuzasidan jamiyat mutaxassislari, buyum bozor ma’muriyati xodimlari hamda fuqaroning o‘zi ishtirokida do‘konda o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar davomida sotuvchiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-, 18-moddalari bo‘yicha tushunchalar berildi hamda yakunida fuqaro Sh.Qorayevga 2 500 000 (ikki million besh yuz ming) so‘m puli qaytarib olib berildi.