Yangiliklar

“ANA SOʻRPRIZU, MANA KIR YUVADURGʻON MOSHINA…”

2019-yil 13-avgust kuni Navoiy shahar Janubiy koʻchasi 29-uyda istiqomat qiluvchi Luiza Xudoyberdiyeva yozma murojaat qildi.

Unda Navoiy shahrida joylashgan “TEXNO” savdo doʻkonidan 1 365 000 soʻmga “ARTEL” rusumli kir yuvish mashinasini sotib olganini, uyiga olib borib ishlatib koʻrganida esa tovar nosoz chiqqanidan noroziligi bildirilgan.

Ushbu holatdan xafsalasi pir boʻlgan isteʼmolchi shu vaqtning oʻzida yana shoshib kir yuvish mashinasini savdo doʻkoniga qaytarib olib boradi.

Lekin bir oz oldin xushmuomala bilan mahsulotini sotgan savdo doʻkoni sotuvchisi endi oʻz tovarini qaytarib olishdan yoki toʻlangan pul mablagʻini qaytarishdan bosh tortib toʻnini teskari kiyib oladi.

Shunda Luiza Xudoyberdiyeva Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilishiga majbur boʻladi.

Murojaat federatsiya mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi va fuqaro L.Xudoyberdiyevaning shikoyati asosli ekanligi, kir yuvish mashinasi haqiqatdan ham nosoz holda ekanligi kuzatildi.

Isteʼmolchiga nosoz kir yuvish mashinasi sifatlisiga almashtirib berilishida amaliy yordam koʻrsatildi.