Yangiliklar

AVTOSALON SHARTNOMA SHARTLARINI BAJARMAGANI UCHUN FUQAROGA 12 MLN SOʻM PENYA TOʻLADI

“Damas” juda roʻzgʻorbop mashina-da! Sohibjon anchadan beri uni harid qilishni orzu qilardi! Ham xonadoniga, ham ishiga asqotadi! Imkon tugʻilgach, yiqqan terganini belga bogʻlab, bir qarorga keldi – sotib oladi! Bozordan olsinmi, yo avtosalondan… Salondan olsa, biroz kutishiga toʻgʻri kelsa-da, ishonchliroq! Shu maqsadda “Samarqand avtosavdo” MCHJga kelib shartnoma tuzib ketdi va 62 812 000 (oltmish ikki mln.sakkiz yuz oʻn ikki ming) soʻm toʻlab, kun sanay boshladi. Roppa-rosa besh oydan soʻng moyi artilmagan mashina darvozasi roʻparasida turibdi-da!”

Shirin hayollarga berilib, hash-pash deguncha aytilgan muddat yetib kelganini bilmay ham qoldi. Xabar berishar, chaqirishar…

Avtosalonga qatnayverib, salkam ikki oyni ham oʻtkazib yubordi va yaqinlarining maslahati bilan Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 10-91 ishonch telefoniga murojaat qildi.

Tashkilot mutasaddilarining aralashuvi bilan muammolari ijobiy hal etildi. Yana ham qiziqrogʻi, shartnoma shartlari avtosalon tomonidan buzilgani, avtomashina oʻz vaqtidan kechiktirib yuborilgani uchun (57 kun) amaldagi qonun talablariga koʻra, penya undirish mumkinligi haqidagi fikrlar Sohibjonni yana ham quvontirib yubordi.

Joriy yilning 6-avgust kuni boʻlib oʻtgan fuqarolik ishlari boʻyicha, Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida mazkur ish koʻrilib, sud isteʼmolchi foydasiga hukm chiqardi. Sud qaroriga qoʻra, “Samarqand avtosavdo” MCHJ shartnoma shartlarini bajarmagani, shartnoma muddatini 57 kun kechiktirib yuborgani uchun fuqaroga 12 562 444 (oʻn ikki mln.besh yuz oltmish ikki ming soʻmdan ziyod) soʻm miqdorda penya toʻlaydigan boʻldi.

Gulchehra Berdiyorova