Yangiliklar

“Bilsa hazil, bilmasa chin” yoxud aldagani isteʼmolchi yaxshimi?

“Bilsa hazil, bilmasa chin” qabilidagi taʼbirini Namangan tuman elektr tarmoqlari korxonasidagi ayrim xodimlarga nisbatan ishlatib koʻrsak qanday boʻlarkin?

Namangan tumani “Mirishkor” QFY, “Farovon” MFYda yashovchi fuqaro M.U. xonadonining elektr hisoblagichi mansublik chegarasida (yaʼni uyi ichida emas, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot belgilagan koʻcha darvozasi oldida) joylashgan boʻlib, kunlarning birida hisoblagich kuyib qoldi.

Na iloj, texnika ekanda deya fuqaro yangi hisoblagich sotib olib elektr taʼminoti korxonasi xodimlariga oʻrnattirdi. Hammasi ana shundan keyin boshlandi.

Hisoblagichni almashtirish jarayonida fuqaroning shikastlangan hisoblagich koʻrsatgichi 707 kVt/s.ni koʻrsatib turgan. Taʼminotchi korxona elektron baʼzasida esa bu raqam 1524 kVt/s kiritilgan ekan. Demak isteʼmolchi 817 kVt/s.ga qarzdor ekan-da, deb oʻylashingiz tabiiy. Avvaliga fuqaro ham buni koʻrib hayron boʻldi. Biroq, kuniga 2 yoki 2,5 kVt/s elektr ishlatadigan, qolaversa, ishlatilgan energiya pulini oy yakunida koʻrsatgichiga qarab toʻlab kelayotgan xonadonga 1524 raqami qayerdan kelib qoldi.

Ustiga-ustak, hozir MIB degan tashkilot bor. Bunaqa katta qarzdorlikka yoʻl qoʻyib bermaydi, taʼminotdan uzadi-qoʻyadi. Kamiga qayta ulash uchun yana kattagina jarimasi ham bor.

Kuygan hisoblagich bilan elektrni ishlatib kelgansan, degan iddao bilan oʻsha kunning oʻzida dalolatnoma tuziladi va isteʼmolchiga “atigi” 421 kun uchun har bir kunga 103 kVt/s (!!!) energiya sarflangan degan xulosa qilishdi.

Soʻng “arzimagan” 12.295.125 (oʻn ikki million ikki yuz toʻqson besh ming bir yuz yigirma besh) soʻmni boʻyniga sekingina ilib qoʻyishdi.

“Sehrli” 1524 koʻrsatgichi taʼminotchi korxona elektron bazasiga qanday kirib qolgani toʻgʻrisidagi murojaatlari javobsiz qolavergani va bu holatdan turmush oʻrtogʻining salomatligi ham yomonlashganidan anchagina achchiqlangan isteʼmolchi 2019-yil 14-iyun kuni Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Namangan viloyati hududiy birlashmasiga qilgan yozma murojaati OʻIXXQJF Namangan shahar ijro etuvchi apparati rahbari H.Aliyev tomonidan oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida nazoratchi tomonidan elektr hisoblagichdagi koʻrsatkichlarni muntazam ravishda tuman elektr tarmoqlari korxonasining kompyuter bazasiga kiritilmay kelinganligi, korxona tomonidan fuqaro M.U.ning xonadonidagi elektr energiyasi hisoblagichining nosoz deya 12.295.125 soʻm miqdoridagi hisoblagan jarima asossiz ekanligi aniqlandi.

Oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashmaganligi natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikni isteʼmolchidan undirishga uringan korxona mutasaddilarning mehnatlari bu safar ish bermadi.

Oʻrganishda hisoblagichga tashqi taʼsir yoki inson omillari tufayli shikast yetmaganligi, bu kuyish holati tarmoqqa ulangan simning qizishi natijasida kelib chiqqanligi, isteʼmolchiga ushbu notoʻgʻri hisoblangan summa qayta hisob-kitob qilib berish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzildi va qarzdorlik dasturdan chiqarilib, ijrosi taʼminlandi. Ammo ushbu noreal qarzdorlik bazada paydo boʻlishi kimning aybi bilan sodir boʻlganligi, buning uchun aybdorga nisbatan qanday chora koʻrilganligi haqida lom-mim deyilmagan.

OL-A-A-A, DEYISHGA SHOSHILMANG!

Oʻrganish davomida yana bir narsaga guvoh boʻldik. Bunisi ovqatdan keyingi “desert”ga qiyoslashingiz ham mumkin. Yaʼni taʼminotchi korxona kompyuter bazasining isteʼmolchi hisob varagʻidagi kiritilgan koʻrsatgich 30.11.2017-yil kungi holatida oʻsha tanish “sehrli” 1524 raqami kiritilib qoʻyilgani holda 21.02.2019-yil va 20.03.2019-yil kungi holatida ham bu raqam oʻzgarmagan. (!)

Ol-a-a-a!, deyishga shoshilmang. 20.03.2019-yil kuni yangi hisoblagich oʻrnatilganda hisoblagich koʻrsatgichi 1 boʻlgan va bir oydan soʻng yaʼni 23.04.2019-yil kuni bu koʻrsatgich 66 kVt/s ni koʻrsatgan. Demak, kuniga 2 yoki 2.5 kvt soat energiya sarflangan. Xoʻsh nima boʻpti deysizmi? Hamma gap shundaki oradan 20 kun oʻtib, aniqrogʻi 12.05.2019-yil kuni kompyuter bazasidagi kiritilgan raqam 895 kvt boʻlib qolgan. Bundan ham qizigʻi yana bir oy oʻtgach 10.05.2019-yil kuni bazadagi koʻrsatgich raqam 114 ga tushib qolgan. Buni koʻrib kompyuter bazadagi koʻrsatgichlar hozirgi teleekranlardan tushmay qolgan turli yutuqli oʻyinlarning raqamlar generatoriga qiyoslavorgingiz ham keladi-da…

Xoʻsh, isteʼmolchi murojaat qilmaganda nima boʻlardi? Oʻylaymizki, masalaga daxldor korxona masʼullari yuqorida tilga olib oʻtgan ibora yaʼni “bilsa hazil, bilmasa chin” iborasi va sehrli raqamlardan voz kechib, masʼuliyatni oshiradilar hamda tegishli xulosa chiqarib oladilar. Yo aldagani isteʼmolchi yaxshimikan-a?!