Yangiliklar

Bir mavzuda ikki muammo

Mamlakatimizda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi.

Bu borada hududlarda tashkil etilgan  isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyat koʻrsatmoqda. Savdo, maishiy va kommunal xizmat koʻrsatishdagi ayrim kamchilik va nuqsonlar toʻgʻrisida fuqarolar ularga murojaat qilishadi. Shikoyatlar mutaxassislar tomonidan qisqa fursatda oʻrganilib, qonun doirasida ijobiy hal etiladi.

Jumladan, joriy yilning 26-avgust kuni Shoyon mahallasida yashovchi fuqaro Odiljon Abdullayev jamiyatga yozma shikoyat xati bilan murojaat qildi. Arizada yozilishicha, 2019-yil 8 – iyul kuni MIB Chust tuman boʻlimi Davlat nazoratchisi M. Xolmatov uning xonadonida boʻlib, soz holda ishlayotgan elektr hisoblagichni yangi, zamonaviysiga almashtirishi kerakligi haqida talab qoʻygan. Shunga asosan, isteʼmolchi tuman davlat xizmatlari markaziga borib hisoblagichni almashtirish toʻgʻrisida ariza yozadi va arizani rasmiylashtirgan xodim tavsiyasi boʻyicha MIB tuman boʻlimi idorasiga borib hisoblagichni oʻrnatish tartibi haqida soʻragan.

– Hozir bu bilan shugʻullanadigan xodimimiz ish joyida yoʻq. Oʻzingiz montyor topib almashtirib keling, deya tayinlashdi, – deydi jabrlanuvchi. – Mahallamizdagi montyor yigitga iltimos qilib, elektr hisoblagichni yangi rusumdagi ”Merkuriy” markali hisoblagichga almashtirdik. MIBga bordim va Xayrullo ismli xodimga uchrab, nazorat muhri oʻrnatib berishini soʻradim. Eski hisoblagich markasi bazadagi maʼlumotga toʻgʻri kelmayotganligi haqidagi ayblov bilan 2 746155 soʻm miqdorida qarzdor ekanligimni aytib, koʻrsatilgan summani toʻlashimni talab qildi.

Noreal qarzdorlik boʻyicha tuman elektr tarmoqlari korxonasiga hamda xalq qabulxonasiga murojaat qildim, biroq hech qanday tayinli javob ololmadim.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi M.Mahkamova, MIB kreminalisti X. Mahmudov va nazoratchi D.Husanovlar ishtirokida oʻrganish ishlari olib borildi. Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun vaqtida toʻlovlar toʻlanganligini isbotlovchi hujjatlar asosida qarzdorlik notoʻgʻri kiritilganligi aniqlandi va abbonent hisobidan chiqarildi.

Sherbilak mahallasida yashovchi fuqaro Ozoda Gʻulomova ham aynan shu masalada 24-avgust kuni jamiyatga murojaat qildi. Uning arizasida yozilishicha, MIB tuman boʻlimi xodimi Oʻlmas Muhammadaliyev joriy yilning 4-iyun kuni uning xonadonida boʻlib, elektr hisoblagichni yangisiga almashtirish kerakligini, buning uchun 450000 soʻm toʻlashi lozimligini aytgan. Biroq, O. Gʻulomova shu kunning oʻzida tuman davlat xizmatlari markaziga borib yangi hisoblagich olish uchun 17 000 soʻm toʻlov qiladi.

MIB xodimlariga bu haqda aytib, yangi hisoblagich oʻrnatish tartibini soʻraydi. Ularning tavsiyasi bilan shu yerning oʻzidan 105 000 soʻmga hisoblagich sotib oladi va uni qanday va kim tomonidan oʻrnatilishi haqida soʻraganida qoʻshnisi Botir Sariboyevga iltimos qilishini tayinlashadi.

– Botir aka ish boshlashdan oldin hisoblagichni koʻrib, “Qarzing yoʻq. Hisoblagich yaxshi ishlayapti. Shunday boʻlsa-da bu holatni telefoningga rasmga olib qoʻy, muammo chiqmasin” dedilar, – deydi Ozoda Gʻulomova.

– Yangi oʻrnatilgan hisoblagichni koʻrgan MIB xodimi “Hammasi qonuniy, qarzdorlik mavjud emas, endi bazaga kiritish ishlari qoldi”, dedi. Hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirish uchun MIB idorasiga kelganimda esa, 299 218 soʻm qarzingiz bor deyishdi. Bu holatga aniqlik kiritib, shu masalada yordam berishingizni iltimos qilaman.

– Oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, arizada koʻrsatilgan holatlar boʻyicha ariza muallifiga nisbatan, 2019-yil 23-avgust kuni rasmiylashtirilgan 151 -sonli dalolatnoma abbonentning xonadoniga bormay turib, yangi hisoblagich oʻrnatilganiga 53 kun boʻlgandan keyin tuzilganligi va bazaga kiritilmaganligi sababli dalolatnoma qonuniy kuchga ega emas, degan xulosaga kelindi va uning hisobidan chiqarildi, – deydi muammoni oʻrganish jarayonida ishtirok etgan tuman isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish jamiyati huquqiy himoya mutaxassisi M.Mahkamova.