Yangiliklar

ELEKTR TAʼMINOTI KORXONASI RAHBARIYATIGA

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasida ish boshlaganimga bir yildan sal oshib qoldi.

Shu vaqt davomida asossiz qarzdorlik, qaysi hududlarda elektr hech qanday sababsiz oʻchib qolishi, elektr taʼminoti tizimidagi muammolar va boshqa tanqidiy muammolar boʻyicha maʼlumotlarimiz chop etildi. Buni qarangki, shu muddat ichida ularning soni bugun roppa-rosa 250 taga yetdi. Oʻziga xos yubiley. Lekin birorta arzirli javob ham, munosabat ham boʻlgani yoʻq.
Prezidentimiz matbuotni chinakamiga toʻrtinchi hokimiyat darajasiga koʻtarish uchun jon kuydirayotgan bir vaqtda, elektr korxonasining bunday harakatini “matbuoting bizga nima, bilganingni yozaver”, degan xulosaga keldik.
Hattoki, onlayn OAV vakillari ham bugungi kunga kelib 1 000 000 (bir million) soʻmdan kam boʻlgan asossiz qarzdorliklarni chiqarmay, kattaroq summa bering deydigan darajaga yetdi. Ammo ogʻzimizning bir chetidan chiqib ketayotgan shu bir million soʻm ham, qishloqdagi oʻqituvchi, shifokor, xizmat koʻrsatish sohasi vakilining bir oylik mehnat haqqidir. Nafaqaxoʻrni mayli, gapirib oʻtirmaylik.

Gapimiz isboti sifatida eʼtiboringizga misollarning baʼzilarinigina keltirib oʻtamiz.

Chindan, tizimdagi baʼzi holatlarni koʻrib yoqa tishlashingiz aniq.

Uchkoʻprik tumani, “Navroʻz” MFYga qarashli Jaloyer qishlogʻida yashovchi Sh. Mamajonov tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan hisoblangan qarzdorlik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini tekshirib berishni soʻrab, tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi nomiga ariza bilan murojaat qildi.

Arizada keltirilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mutaxassislari Sh. Mamajonov xonadoniga borib vaziyatni oʻrgandi.

Oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlgan tuman elektr taʼminoti korxonasi masʼul xodimlariga “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi.

Natijada isteʼmolchi toʻliq haq ekanligin va 958 055 soʻm qarz noqonuniyligi isbotini topdi.

MINGLAR MAYLI, MILLIONLAR SARI YOʻL OLAMIZ…

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani Kichik Qashqar qishlogʻida yashovchi fuqaro Q. Qoraboyevga 2 129 637 soʻm.
Uchkoʻprik tumani Mullazoir qishlogʻida istiqomat qiluvchi Oʻrinboy Madaliyevga 2 631 138 soʻm.

Samarqand viloyati Pastdargʻom tumani “Nomozgoh” MFYda yashovchi fuqaro Shuhratbek Abdullevga 5 million 800 ming soʻm.

Namangan viloyati, Uychi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Mamadaliyevaga 20 024 000 soʻm.

Xorazm viloyati Xazorasp tumanida yashovchi fuqaro K. Sultanovaga 23 241 880 soʻm.

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Komilon qishlogʻida yashovchi fuqaro Bekzod Eshonqulovga 23 445 632 soʻm.

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi K. Ochilovga 44 044 294 soʻm.

Jizzax shahar Yunusobod koʻchasi 2-uyda yashovchi fuqaro S.Karimov 249 847 000 soʻm.

Koʻrib turganingizdek, Jizzax shahrida isteʼmolchi S.Karimovga asossiz 249 847 000 soʻm qarz hisoblangan. Bu qarzni isteʼmolchi uyini sotib ham toʻlolmasa kerak. Hisoblab koʻradigan boʻlsak, ushbu qarz u qarzni isteʼmolchi uyini sotib ham toʻlolmasa kerak. Hisoblab koʻradigan boʻlsak, ushbu qarz qariyb 30 ming AQSH dollari degani. Bu summadagi qarzdorlik dunyoning hech bir mamlakatida uchramasa kerak va bunday “koʻrchatkich” bilan Gines rekordlari kitobiga kirishimiz ham muammo boʻlmay qoladi.

Bu asossiz qarzdorliklardan bir shingili edi holos. Elektr korxonasi baʼzi xodimlari isteʼmolchilardan taʼmagirlik yoʻli bilan pul olishi, bir jarimani bir yoʻla ikki familiyadoshga yozilishi, marhumlarga qarzdorlik hisoblab berish, marhumlarni sud ishida guvoh sifatida chaqirilganligiga hali alohida toʻxtalib oʻtmadik.

Soʻnggi yillarda joylarda elektr tokining asossiz uzilishi sezilarli darajada kamaydi. Kim biladi deysiz, balki bunga avvallari elektr toki sutkada bir soatgina boʻlishi sabab boʻlgandir.

Oʻzbek xalqi oʻta sabrli xalq, nima ham derdik, shunisiga ham shukur.

Davlatimiz rahbari xalq ichida yuring, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qiling deb beʼjiz taʼkidlamayaptilar.

Taklif sifatida, chekka xududlarda ham sayyor qabullar uyushtirib, xalq dardiga quloq tutib koʻring. Ishontirib ayta olamanki, qabulingizga odamlar “yogʻilib” keladi. Ular sizlarni juda sogʻingan. Buning natijasini koʻrgan vazir va viloyat hokimlari ham oldingizda xijolat boʻlib qoladi.

Bilamiz, soʻnggi yillarda xorijiy tajribalarni oʻrganib, innovatsion texnologiyalar yordamida sohada yangilik qilib yoʻl xaritasi belgilab katta oʻzgarish qilish niyatidasizlar.

Biroq shu oʻrinda sizlardan bitta iltimos, Yaponiya elektr-taʼminoti vaziri chekka bir xududida 20 daqiqa elektr toki uzilishi boʻlgani uchun xalq oldiga chiqib kechirim soʻradi. Turli tajribalarni oʻrganish jarayonida, shu ishdan ham bir oʻrnak olib, kechirimli oʻzbek xalqidan kechirim soʻrang. Odamlar, “E otangga rahmat”, deb yuborsin.

Sherali Sattorov
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, boʻlim boshligʻi