Yangiliklar

GAZGA MUHTOJ INSONLAR NOLASI…

Fargʻona viloyati Beshariq tumanida yashovchi B. Samijonov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat etib, xonadoni 7 oydan buyon suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmaganligi, tuman gaz taʼminotiga qilgan murojaatlarini besamar ketganligidan norozilik bildirgan.

Federatsiya xodimlari ushbu jarayonni oʻrganish davomida B.Samijonov nomiga 107303-sonli “Suyultirilgan gaz yetkazib berish shartnomasi” tuzilib, 1 dona gaz balloni berilgani maʼlum boʻldi. Tushuntirish ishlaridan soʻng tuman gaz taʼminoti tomonidan isteʼmolchining 3 ta balloni gazga toʻldirib berildi. Shaharda yashovchi, tongda turib bitta muruvvat orqali gazni yoqib, choy damlaydigan insonlarga bu hol oddiyday koʻrinishi mumkin. Ammo chekka hududlarda gazga muhtoj aholi uchun bu muammo-ogʻriqli mavzudir. Yaqindagina Samarqand viloyatida gaz balloni portlashi natijasida yonib ketgan ikki goʻdakning onasi, yoshgina kelinchakning qismati ham koʻpchilikni oʻylashga chorlagan edi.

Respublikamizning barcha tumanlaridagi gaz taʼminotlari xodimlari suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berishsa va ularni xavfsizlik qoidalarini doimiy ravishda tushuntirishsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Kichkina koʻringan muammolar ortida katta taqdirlar turishini unutmaylik!