Yangiliklar

“Haqni aytgan xor boʻlmas…”

Har bir inson isteʼmolchi sifatida oʻzi istagan, oʻziga yoqadigan mahsulotni tanlash huquqiga ega. Huquqlari buzilganda esa qonuniy himoyalanishi zarur. Oʻzbekistonda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganiga va bu hujjat amalda qoʻllanilayotganiga yigirma yildan oshdi. Ammo jamiyatimizda sotuvchi va istemolchi oʻrtasidagi muammolar kamayganicha yoʻq. Bunga yana bir misolni keltiraylik.

Isteʼmolchi N.Masharipov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga savdo faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan tadbirkor I.Toshpoʻlatovga qarashli savdo doʻkoni xizmatlaridan norozi boʻlib murojaat qildi.
Maʼlum boʻlishicha, u joriy yilning 14-avgust kunida Yozyovon buyum bozorini aylanib, farzandining toʻyi uchun 4 800 000 (toʻrt million sakkiz yuz ming) soʻmlik mebellar toʻplamini tanlaydi. Sotuvchiga mebelning pulini toʻliq oldindan berib, manzilga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishadi. Lekin oradan ikki kun oʻtib xonadoniga keltirilgan mebellarning boshqa rangda va sifati past darjaligini koʻrgan N.Masharipov bu haqda sotuvchiga murojaat qilib, ular tanlagan mebelni yuborishi, boʻlmasa pulini qaytarish talabini qoʻyadi.

Lekin sotuvchi almashtirib bermasligini aytgach, oʻzining qonuniy huquqlarini himoya qilinishi soʻrab tuman jamiyatiga murojaat qiladi.
Isteʼmolchi murojaati tuman jamiyatida tegishli tartibda rasmiylashtirilgach, murojaatni oʻrganish ishlari doirasida sotuvchi bilan uchrashilib, unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Amaldagi qonunchilikka koʻra, isteʼmolchining tovarlarni erkin tanlash huquqi va uning tegishli darajada sifatli boʻlishi, sotuvchining gʻayriqonuniy harakati (harakatsizligi) natijasida isteʼmolchiga yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning toʻliq hajmda qoplanishi shartligi, sotuvchi isteʼmolchining tovarni almashtirish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarni bajarmagan boʻlsa, isteʼmolchida shartnomani bekor qilish boʻyicha huquqlar vujudga kelishi kabi holatlardan toʻgʻri xulosa chiqargan sotuvchi isteʼmolchidan uning noroziligini keltirib chiqargan mebellar toʻplamini qaytarib olib, oldi-sotdi amalga oshirilgan kuni tanlangan sifatli mebellar toʻplamiga almashtirib berdi.

Bu kabi holatlar bugun federatsiyaga kelib tushayotgan murojaatlarda koʻp uchramoqda. “Savdogar, ishi doim hiylagar” degan nomga qolmaslik uchun ham savdogarlar savdo-sotiqda halol boʻlishga harakat qilish lozim. Har ezgu ish halollikdan boshlanadi. Isteʼmolchi ham oʻz vaqtida haq gapni aytib, oʻz huquqini talab etishni unutmasligi lozim.