Yangiliklar

ISTEʼMOLCHIGA YETKAZILGAN MAʼNAVIY ZARAR QOPLANDI

Gohida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlardan ajablanasan kishi. Behosdan shunday boʻlishi ham mumkinmi degan savollar ham tugʻiladi. Keling voqeaning asl tafsilotiga toʻxtalib oʻtsak…Fargʻona shahrida yashovchi S.Baxromov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilgan. Unga koʻra S. Baxromovga qarashli Fargʻona shahar Farobiy koʻchasidagi uy-joy hukumat qarori asosida buzilishga tushganligi sababli, unga Fargʻona shahar hokimining qarori asosida 06.04.2018-yildan Qirguli dahasida joylashgan koʻp qavatli uydagi xonadonlardan biri xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib beriladi.

Fuqaro tomonidan xonadonga koʻchib kirib yashash davrida kommunal toʻlovlar toʻlab boriladi. Lekin 2019-yilning fevral oylariga kelib, yaʼni oradan salkam bir yil oʻtgach xonadonning foydalanilgan elektr energiyasidan katta miqdorda qarzdorligi mavjudligi yuzasidan MIB xodimlari tomonidan ogohlantirish xati olishadi. Yuzaga kelgan muammoni oʻz kuchlari bilan hal eta olmagan xonadon vakillari amaliy yordam koʻrsatilishini soʻrashgan.

Federatsiya mutaxassislari tomonidan murojaatni oʻrganish davomida, xonadon vakillari bu yerga koʻchib kelgan paytlaridan boshlab foydalanilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni amalga oshirib borgan boʻlsalarda, ulardan mazkur toʻlovlar boʻyicha 671500 (olti yuz yetmish besh ming besh yuz) soʻm qarzdorlikni bartaraf qilish soʻralayotganligi qayd qilindi. Maʼlum boʻlishicha, mazkur xonadonda ular koʻchib kelgunga, yaʼni 2018-yilning 29-martiga qadar G.Gromova (marhuma) yashab kelgan, qarzdorlikni hosil boʻlishi esa marhumaning shu xonadonda yashagan davrlariga toʻgʻri keladi.

Eʼtiborlisi, Fargʻona shahar hokimligining xoʻjalik hisobidagi uy-joy boʻlimi 10.05.2018-yilda barcha xizmat koʻrsatuvchi, shu jumladan Qirguli elektr taʼminoti korxonasiga xonadonlari buzilishga tushgan fuqarolarga shahar hokimligi tomonidan davlat uy-joy fondiga qarashli boʻlgan xonadonlarni beminnat mulk sifatida rasmiylashtirib berilganligini inobatga olib, xonadonlarning kommunal toʻlovlardan qarzdorliklari boʻlsa, ushbu qarzdorliklarni koʻchib kirgan fuqarolardan emas, balki mazkur xonadonlarni ajratib berilgunga qadar yashab kelgan fuqarolardan undirish lozimligi haqida yozma ravishda ogohlantirilganligiga qaramasdan, elektr taʼminoti korxonasi mazkur nizoli holat uchun qarzdorlik hisoblab, MIB tomonidan ushbu qarzdorlikni undirish boʻyicha harakatlar olib borilishiga sababchi boʻlganligidir.

Ishni sudda koʻrib chiqilishi natijalariga koʻra, sud elektr energiyasi toʻlovlaridan 2018-yilning aprel oyigacha boʻlgan davrda yuzaga kelgan 671500 soʻm qarzdorlikni isteʼmolchi S.Baxromov nomiga hisoblanishini gʻayriqonuniy deb topish va javobgardan uning foydasiga 405460 soʻm (toʻrt yuz besh ming toʻrt yuz oltmish) soʻm maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.