Yangiliklar

JIZZAX VILOYATI ELEKTR TAʼMINOTI KORXONASI NAYRANGLARI FOSH BOʻLMOQDA

Ota-bobolarimizdan qolgan bir naql bor “Koʻmirni oʻgʻirlagan temirchi, baloga qolgan koʻmirchi”… Bugun jamiyatimizda sodir boʻlayotgan ayrim voqealarni kuzata turib, baʼzi mutasaddilarning aybdorligi sabab toʻqmoq oddiy xalqning boshida sinayotganiga guvoh boʻlasan kishi. Bir qancha viloyatlarning Elektr taʼminoti korxonalari tomonidan aholiga qoʻyilayotgan noreal qarzdorliklar haqida xabar berib turibmiz. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlarda ham har oy toʻlovlarni oʻz vaqtida qilib, yana qarzdor degan nomga qolayotgan yurtdoshlarimizning dardlari, ogʻriqlari, yechim topmayotgan muammolari koʻzga tashlanadi. Oxirgi vaqtlarda Jizzax viloyati Elektr taʼminoti korxonasi tomonidan qoʻyilayotgan yolgʻon qarzdorliklardan norozilar soni oshib bormoqda. Keling siz ham ular bilan tanishing.

Ikki yuz qirq uch million soʻm yolgʻon qarzdorlik aniqlandi!

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib tushgan baʼzi murojaatlarni kuzatib, shunday boʻlishi ham mumkinmi, degan savol qiynaydi. Sababi baʼzi bir asossiz qarzdorliklar ishonib boʻlmas darajada qoʻyiladiki, inson behos hayratdan yoqa ushlaydi. Jizzax viloyatida boʻlgan voqeani koʻzata turib, viloyat elektr taʼminoti korxonasi rahbarlari yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, “yerdan oyogʻi uzilgan rahbarlardanmi?!”deya oʻylab qolasan kishi. Aks holda Jizzax shahar “Zilol” mahallasida yashovchi Sevara Abdullayeva xonadoniga oʻz-oʻzidan asossiz ravishda 243847148 soʻm qarzdolikni tirgab qoʻyishadimi?

Federatsiyaga murojaat qilgan Sevara Abdullayeva uning nomiga yozilgan bu qarzdorlik umuman yolgʻon ekanligini, holatga aniqlik kiritishni soʻragan. Mutasaddilar barcha hujjatlarni oʻrganib, qayta hisob-kitob qilar ekan, ushbu qarzdorlik noreal deb topildi. Eng qizigʻi S.Abdullayeva elektr energiyasi uchun oldindan 214 947 soʻm ortigʻi bilan toʻlov qilgan ekan.

Bu voqeani hazm qilib ulgurmasimidan avval Jizzaxdan yana shunday xolatlar kuzatildi.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashovchi X.Saidmurodov har oy nafaqa pulidan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni amalga oshirib kelgan. Shunday boʻlsa-da, MIB tuman boʻlimi orqali kelgan xabarnomada elektr taʼminoti korxonasi xodimlari tomonidan unga 2 million soʻm qarzdorlik hisoblangan.Noilojlikdan qolgan X.Saidmurodov federatsiyasiga murojaat qiladi. Federatsiya xodimlari ishtirokida X. Saidmurodovning nafaqa pulidan oyma- oy toʻlab borgan toʻlov qogʻozlari tekshirilib, qayta hisob-kitob qilindi. Nafaqadagi bu isteʼmolchining hech qanday qarzi yoʻqligi aniqlandi.

Ishonib boʻlmas qarzdorlik…

Hayratlarimizga sabab boʻlgan yana bir voqea Jizzax shahrida kuzatildi. Federatsiyaga murojaat qilgan X. Sanaqulov yashash xonadoniga Jizzax shahar elektr taʼminoti korxonasi tomonidan elektr energiyasi uchun 269 000 000 soʻm qarzdolik borligi toʻgʻrisida maʼlumot kelganligi, biroq bu qarzdorlik assosiz ekanligini bildirgan. Federatsiya xodimlari hujjatlarni oʻrganib, qayta hisob-kitob qilganda bu qarzdorlik toʻgʻrisidagi maʼlumot umuman yolgʻon ekanligi maʼlum boʻldi. Aksincha fuqaro elektr energiyasi uchun  74 000 soʻm ortigʻi bilan toʻlov qilgani aniqlandi.Har qanday inson bunday  koʻzboʻyamachiliklar qoʻrboniga aylanishi mumkin. Shu oʻrinda mushohada qilsak, yuqorida xonadonlarga qoʻyilayotgan millionlab noreal qarzdorliklar qayerdan kelmoqda? Viloyatning tumanlarga tarqatadigan elektr energiyasi miqdori aniq boʻlsa, elektr hisoblagichlar har bir xonadonni qancha elektr toki ishlatayotganini hisoblab bersa… savollar koʻp.

Javoblar esa doimgidek aniqlikdan yiroq.Oʻzbekning oʻzi sodda deganlaridek, ayrim yurtdoshlarimiz yolgʻondan ularning gardaniga yuklangan qarzni toʻlab ham yuborishadi. Bunday soddaliklardan foydalanadigan va foydalanayotgan Jizzax Elektr taʼminoti vakillari boshqalarga millionlab qarzdorliklarni koʻz yummay yuklashmoqa. Eng qizigʻi bu xonadonlarda yashayotgan insonlar istiqomat qilayotgan  uylarini sotishsa ham toʻlab boʻlmaydigan yolgʻon qarzdorlikka qanday jim turishadi. “Noinsofga erk bersang, elni talar” deyishganidek, elni talon- taroj qilib yillik qarzlarni yopishga harakat qilayotgan Jizzax viloyati Elektr taʼminoti korxonasi yillar davomida eskirgan simyogʻoch-u, elektr toki oʻtgan tizimlarni yangilashsa, chindan elektr energiyasini umarayotgan oʻgʻrilarni aniqlashsa, biz yuqorida keltirgan ishonib boʻlmas darajadagi qarzdorliklarga chek qoʻyilar balki?! Barcha muammolarga koʻz yumaversak, islohotlarga qarshi boʻlib, rivojlanishdan, yaxshi yashashga boʻlgan intilishdan ortda qolaveramiz.

P/S: Bizni kuzatishda davom eting, navbatdagi maqolalarimizda Jizzax viloyati Elektr taʼminoti tomonidan fuqarolarga qoʻyilgan milliardlab noreal  qarzdorliklar haqida yozamiz.