Yangiliklar

Koʻzboʻyamachilik qilib boʻyalgan “Lacetti” muammosi

Avtomashinamizga pardoz beruvchi, uni yanada “yosh” koʻrsatuvchi kosmetologlar esa mashina ranglovchi ustalardir. Aytib oʻtish lozimki, bu jarayon juda masʼuliyatli va yuksak didni talab etadi. Mashinangizni topshirib, ertasiga qabul qilib olish jarayonida qichqirib yuborishingiz mumkin: yo ustaning ishiga qoyil qolib, yo jigʻibiyron boʻlib! Isteʼmolchi S.Sherov ham “Lacetti” avtomobilini bus-butun topshirib, ertasiga figʻoni falakka chiqdi. Buxoro shahar Gʻijduvon koʻchasi 69-uyda joylashgan YATT Gʻaybullo Yunusovga qarashli avtomobillarga xizmat koʻrsatish servisiga mashinasini boʻyashni ishonib topshirgan qaxramonimiz  hali xizmat koʻrsatilmasidan 3 500 000 soʻm toʻlovni amalga oshirgandi. Sifatsiz, hoʻjakoʻrsinga mashinasining boʻyalganidan norozi kayfiyatda tadbirkordan pulni qaytarib berishini talab qildi. Ammo rad javobini olgach, uning xuquqlarini himoyalaydigan tashkilot borligini eslab qoladi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga muammosi yechilishini soʻrab murojaat qiladi. Federatsiya xodimlari tomonidan holat oʻrganilib, tadbirkorga isteʼmolchi haq-huquqlarining qonuniy ximoyalanishi va S.Sherovning daʼvosi oʻrinli ekanligi tushuntirilib, 3 000 000 soʻm toʻlov isteʼmolchiga qaytarildi. Fuqarolar xuquqiy madaniyati oshib borar ekan, xizmat sifati kundan kunga yaxshilanaveradi. Sodda qilib aytganda, qarsak ikki qoʻldan chiqadi!