Yangiliklar

“Kosontumangaz” iste’molchisiga “Qarshishahargaz” qarzdorlik hisobladi

Bunday mas’uliyatsizlik uchun javob beradigan vaqt kelmadimi?
Olimjon Iskandarov yashaydigan Qarshi tumani To‘qmang‘it qishlog‘i Qarshi shahri va Koson tumanlarining chegaralari kesishgan nuqtada joylashgan. Shu sababli ushbu qishloq 2012 yil oxirlariga qadar Qarshi shahri hisobidan tabiiy gaz bilan ta’minlab kelingan. Xonadoniga gaz kelmay qolganligi sababli fuqaro O.Iskandarov 2012 yilning 20 dekabr kuni shahar gaz idorasi boshlig‘i nomiga ariza yozib, o‘zaro tuzilgan shartnomani bekor qilish va nomiga ochilgan abonent raqami orqali hisob-kitoblarni to‘xtatishni so‘ragan va o‘sha davrda mavjud bo‘lgan 631 776 so‘m qarzdorligini to‘liq to‘lagan. Ushbu ariza Qarshi shahar gaz idorasida 2166-son bilan kirim qilingan bo‘lsa-da, negadir O.Iskandarov nomidagi abonent raqami bekor qilinmasdan, u orqali qarzdorliklar hisoblash davom ettirilgan. Ya’ni, 2013 yilning yanvaridan 2017 yilga qadar naqd 4310940 so‘m qarzdorlik hisoblangan.
O.Iskandarov esa bundan bexabar holda tabiiy gaz ta’minoti birmuncha yaxshiroq bo‘lgan Koson tumani orqali gaz tarmog‘iga ulangan va to‘lovlarni amalga oshirish uchun Koson tuman gaz idorasida yangi abonent raqamini ochdirgan. Eng qizig‘i, iste’molchiga oradan 6 yilga yaqin vaqt o‘tib, shahar gaz idorasidan qarzdorligini to‘lab qo‘yish to‘g‘risida xabar berilmoqda.
O.Iskandarovning Qarshi shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga bu haqda qilgan murojaati o‘rganilib, mazkur holatga huquqiy baho berish uchun Qarshi shahar ma’muriy sudiga shikoyat arizasi kiritildi. Sud Qarshi shahar gaz idorasi tomonidan fuqaro O.Iskandarov nomiga noqonuniy tartibda hisoblangan 4 310 940 so‘m qarzdorlikni hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Iste’molchi gaz idorasidan 4 310 940 so‘m qarzdor bo‘lishi mumkinmi?