Yangiliklar

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida Rossiya bilan hamkorlik qiladi

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov Rossiya Federatsiyasining isteʼmolchilar ittifoqi rahbari Petr Shelish bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan alohida muzokaralar oʻtkazdi.

P.Shelish Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyatidan yaxshi xabardor ekanini va u Oʻzbekistonda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan ibratli ishlar qilinayotganini qayd etdi.

Muzokaralar soʻngida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Rossiya Federatsiyasining isteʼmolchilar ittifoqi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Unga koʻra, tomonlar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha oʻzaro axborot almashish, qoʻshma loyiha va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, hamkorlik boʻyicha qoʻshma ishchi guruhlari, muvofiqlashtiruvchi va maslahat kengashlari tuzish, tajriba almashish yuzasidan uchrashuv, ilmiy konferensiya, seminar va simpoziumlar tashkil etishga kelishib oldi.