Yangiliklar

RISHTONDA “ISTEʼMOLCHILAR UYI” QAD ROSTLADI

“Oʻqing va oʻrganing. Jiddiy kitoblarni oʻqing. Qolganini hayotni oʻzi tushuntirib beradi.” F.M. Dostoyevskiy.

Kitoblar insoniyat ruxiy boyliklarining durdonalaridir. Bugun yoshlar dunyoqarashini shakllantirish, ularda insoniylik fazilatlarini kuchaytirish maqsadida kitob oʻqishga yaʼni kitobxonlikka chorlash davlat siyosati darajasida qaralayotgan voqeaga aylandi. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida ham yosh avlodni chin maʼnoda ilmga oshno qilish, kitoblarni sevishga undash vazifasi turibdi. Chindan kitob oʻqigan, undan hayotni anglagan insondan yomonlik chiqmaydi. Boisi kitob, adabiyot inson qalbini goʻzallika chorlaydi, boshqalar anglay olmaydigan sakkizinchi moʻjizani his etishga sababchi boʻladi. Qachon yoshlar kitobga chin maʼnoda mehr qoʻyishi, oʻzi istab mutolaa qilishi mumkin? Qachonki kitob oʻqishga sharoit va imkoniyatlar yaratilsa… Dunyoning rivojlangan mamlakatlariga borsangiz kitob doʻkonlari koʻpligiga guvoh boʻlasiz. Bundan tashqari hiyobonlar, umumiy ovqatlanish joylari, bekatlar, metro va boshqa aholi gavjum joylarda ham kitob oʻqishga sharoitlar yaratib qoʻyilgan. Demak, yigit-qizlarga kitob oʻqi, deya dashnom berishdan avval ularga sharoit yaratib berish lozim. Bugun faqatgina mutasaddi tashkilotlar emas, farzandlar taqdiriga befarq boʻlmagan har bir tashkilot va inson kitob oʻqish uchun sharoit va imkoniyatlar yaratishga harakat qilishi lozim.

Shu maʼnoda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan joylarda “Isteʼmolchi kutubxonasi”, “Isteʼmolchilar uyi” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar rejalashtirib olindi. Federatsiya tizimidagi tashkilotlar ichida birinchi boʻlib, Oltiariq tumanida “Isteʼmolchi kutubxonasi” bunyod etildi va ishga tushirildi. Kutubxona bugungi kunda tuman aholisi, avvalo yoshlar uchun oʻzining xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda.

Federatsiya respublikamizning 40 dan oshiq tuman va shaharlarida bu kabi loyihalarni amalga oshirishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan. Bugungi kunda birgina Fargʻona viloyatining Bagʻdod, Dangʻara, Qoʻshtepa, Fargʻona tumanlarida mazkur loyihalar asosida qurilish ishlari olib borilmoqda. Fargʻona shahrida quriladigan “Isteʼmolchilar uyi” loyihalash-ekspertiza bosqichidan oʻtib, qurilish ishlarini boshlash arafasida turibdi.

Prezidentimizning Beshta muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida Rishton tumanida amalga oshirilgan loyiha respublikamizda ikkinchi, loyihaning oʻziga xosligi boʻyicha respublikada birinchi deyishimiz mumkin. Sababi bu yerda “Isteʼmolchi kutubxonasi” bilan bir qatorda tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati maʼmuriy binosi ham qad koʻtardi. Loyiha boʻyicha “Isteʼmolchi kutubxonasi” va jamiyat maʼmuriy binosi yaxlit “Isteʼmolchilar uyi” kompleksini tashkil qildi.

Koʻzlangan maqsad tuman jamiyatiga turli masalalarda tashrif buyurayotgan isteʼmolchilar, bu yerda nafaqat oʻzlarini qiynab turgan muammolari bilan murojaat qilishlari, bepul huquqiy maslahat olishlari, balki qoʻshimcha maʼnaviy ozuqa olishlari uchun ham sharoit hozirlanmoqda.

“Isteʼmolchilar uyi”ni ochilishida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligidagi federatsiya markaziy apparati masʼullari, tizimning viloyat hududiy birlashmalari va tuman (shahar) jamiyatlarida mehnat faoliyati olib borayotgan rahbar va masʼul xodimlar, Rishton tuman hokimligi maʼsullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Qilinayotgan saʼy harakatlardan maqsad Vatan ravnaqi, yurt tinchligi uchun xizmat qiladigan qalb koʻzi ochiq, teran dunyoqarashli  oʻgʻil-qizlarni voyaga yetkazishdir. Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida Rishtonda qad rostlagan “Isteʼmolchilar uyi” va “Isteʼmolchi kutubxonasi” tuman ahli uchu chin maʼnoda bayram tuhfasi boʻldi.