Yangiliklar

Sifatsiz mahsulot puli isteʼmolchiga qaytarildi

Qumqoʻrgʻon tumanida yashovchi Shavkat Mansurov Shoʻrchi tumani “Surxon” koʻchasida joylashgan xoʻjalik mollari sotiladigan doʻkondan 220 volt kuchlanishda ishlaydigan bir dona elektr suv nasosini 1 300 000 soʻmga sotib oldi. U isteʼmolchi sifatida sotuvchidan mahsulotga toʻlagan puli uchun kassa apparatining chekini ham olmagan. Sotib olgan nasos toʻliq quvvat bilan ishlamagach, Mansurov nasosni doʻkonga qaytarib olib kelgan.

Doʻkon egasi esa nasosni ham qaytarib olmayman, pulini ham bermayman deya, fuqaroni norozi qilib qaytarib yuborgan. Bir ikki kundan soʻng yangi nasos butunlay ishdan chiqqan. Isteʼmolchi yana doʻkonga kelib, unga qanday mahsulot sotganligini, sifatsizligidan darrov ishdan chiqqanligini maʼlum qiladi. Sotuvchi esa bepisandlarcha mahsulotni qaytarib olmasligini yana bir bor takrorlaydi.

Bu nohaqlikka chiday olmagan Shavkat Mansurov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qabulxonasi ishonch telefoniga murojaat etadi.

Ushbu murojaat Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqilib, sifatsiz suv nasosi uchun toʻlangan 1 300 000 soʻm isteʼmolchiga qaytarib olib berildi va doʻkon sotuvchisi xaridordan kechirim soʻradi.