Yangiliklar

Toza ichimlik suvi muammosi yohud qalbimizdagi ogʻriqlar…

Toza ichimlik suvi koʻpchilik tuman-u, qishloqlarda ayniqsa, eng chekka hududlarda yashaydigan aholini qiynaydigan muammolar roʻyxati boshida turadi. Bugun Qoraqalpoqning iqlimi eng ogʻir manzillariga, Surxonning olis togʻli hududlariga toza ichimlik suvini yetkazish masalasiga Davlat siyosati darajasida qaralmoqda. Ammo tanganing ikki tomoni bor deganlaridek,ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida mamlakatning har bir nuqtasida islohotlar qilinayotgan shu kunlarda ham insonlarni bu mavzudagi dardlariga butunlay barham berilgani yoʻq. Eng achinarlisi, suvga muhtoj aholi bir amallab kunini koʻrayotgan bir paytda ayrim tumanlardagi “Suvoqava” DUK rahbariyati va xodimlari “oʻlganning oʻstiga tepgan” qilib qarzdorlik buyunturugʻini bechora xalqning boʻyniga ilishdan toyishmayapti. Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan norozilik murojaatlari yuqoridagi gaplarimizni yaqqol isbotlaydi.

Fargʻonadagi muammo… Yashash joyidagi ichimlik suvi umuman talabga javob bermasa, xatto uy hayvonlariga ham berib boʻlmaydigan suvdan foydalanganlik yuzasidan aholiga “Suvoqava” DUK tomonidan qarzdorlik yuki yuklansa, odamlar dardini kimga aytishi kerak? Haqli savol, Fargʻona viloyati, Quva tumani “Mustaqillik” mahallasida yashovchi 10 nafar fuqaro ikki yildan buyon ichmagan suvi uchun qarzdor deb atalib, uni undirish boʻyicha harakatlar boshlangan bir paytda bundan norozi boʻlib Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilgan. Federatsiya fuqarolarni huquqlarini qonuniy asoslarga koʻra himoya qilish maqsadida ushbu holatni sudga koʻrib chiqish uchun chiqardi.
Sudda ishni koʻrib chiqilishi jarayonida, tuman DSENM tomonidan aholiga ichimlik suvi sifatida chiqarilgan suvdan 04.06.2018-yildagi, 03.12.2018-yildagi va 29.03.2019-yilda olingan namunalari tahlili ham suvning organik va kimyoviy tarkibi davlat standarti talablariga (OʻzDSt 950-2011) javob bermasligi toʻgʻrisidagi xulosalarga qaramasdan aholiga ichimlik suvi isteʼmoli uchun qarzdorlik hisoblanib kelaverganligini koʻrsatdi. Hududga ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona tomonidan hududda yashovchi ayrim fuqarolar bilan artezan suvi isteʼmolga yaroqsiz boʻlsada shartnomalar imzolanib, xoʻjalikdagi odam soniga qarab korxona kompyuter bazasiga kiritilganligi hamda baza boʻyicha hisoblangan qarzdorliklarni undirish uchun tuman MIBga yuborilib, mazkur tashkilot tomonidan esa oʻz navbatida aholi tomonidan aslida isteʼmol qilinmagan suv uchun yuzaga kelgan qarzdorliklarni majburiy tartibda undirish boʻyicha talabnomalarni aholiga yuborilganligi qayd qilindi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining sudga kiritgan daʼvo arizasini koʻrib chiqilishiga koʻra, daʼvo ariza qanoatlantirilib, “Suvoqova” DUK Quva filiali bazasida 01.05.2019-yil holatiga qayd etilgan jami 2 295 229 (ikki million ikki yuz toʻqson besh ming ikki yuz yigirma toʻqqiz) soʻm fuqarolarga kelgan qarzdorlik gʻayriqonuniy deb topildi va bartaraf etildi.

Suv yoʻq, joʻmrak yoʻq, qarzdorlik bor…

Quva tumanida yana bir shunday holat aniqlandi. Tumandagi “Paxtakor” MFY “Oʻzbek” koʻchasida yashovchi bir guruh fuqarolar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilishdi. Arizaga “Suvoqava” DUK Quva filiali tomonidan ichimlik suvi boʻyicha asossiz ravishda qarzdorlik hisoblanayotganligi sabab boʻlgan.
Ushbu holat yuzasidan tegishli oʻrganishlar olib borildi. Jarayonda hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar toza ichimlik suvini uzoqdan tashib kelishlari maʼlum boʻldi. Aniqlanishicha, 131 nafar isteʼmolchi korxona kompyuter bazasiga ichimlik suvi isteʼmolchisi sifatida kiritilgan va ularga 2019-yil 1-may holatiga 33 676 402 (Oʻttiz uch million olti yuz yetmish olti ming toʻrt yuz ikki) soʻm qarzdorlik hisoblangan.
Oʻylab qarasang, bir necha chaqirim uzoqdan suv tashib sarson boʻlayotgan mahalla ahliga “ichimlik suvidan qarzdorliging bor”, desa alam qiladi-da! Federatsiya xodimlari aniq faktlarni keltirib, “Oʻzbek” koʻchasida yashovchi isteʼmolchilarga“Suvoqava” DUK tomonidan hisoblangan 33 676 402 soʻm qarzdorlikni hisobdan chiqarishga erishdi.

10 yilki “suvsizlik” da…

Rishton tumanining “Mevazor” mahallasida yashovchi fuqarolar ham 10 yil avval ichimlik suvi quvurlari yorilib, yaroqsiz holatga kelganligi sababli tarmoqdan uzib qoʻyilgan. Bu yerdagi har bir xonadon uzoq yillardan buyon suv saqlash inshoatlari-quduqlar yordamida ichimlik suvidan bahramand boʻlib kelishmoqda. Shunday boʻlishiga qaramay MIB tomonidan hudud aholisiga toza ichimlik suvidan qarzdorlik toʻgʻrisida talabnoma kelgan. Federatsiya xodimlari tomonidan holat oʻrganilganda mahalladagi drenaj suvidan namuna olinib DSENM tomonidan tahlillar oʻtkazilganda, ushbu suvni ichishga umuman yaroqsiz ekani maʼlum boʻldi. Demakki, aholi ushbu suvdan umuman foydalanmagan. Faktlarga asoslanib, ularga qoʻyilgan 3 million 65 ming 613 soʻm qarzdorlik yoʻq qilinib, isteʼmolchilarning poymol etilgan huquqlari tiklandi.

Chust tumanida boʻlgan voqeaga esa kulishni ham, yigʻlashni ham bilmaysan kishi. 19 yildan buyon toza ichimlik suvi tarmogʻidan uzilgan fuqaroning kechmishlari oʻylantirib qoʻyadi. Tumandagi Doʻzanda maxallasidagi yashovchi Akram Xoshimov ham Federatsiyaga murojaat qilib, “Suvoqava” DUK Chust tuman filiali tomonidan 1302431 soʻm miqdoridagi kiritilgan noreal qarzdorlikdan norozi ekanligini bildirdi. Arizada yozilishicha mazkur fuqaroning xonadonida 2000-yilda ichimlik suv tarmogʻi oʻta nosoz xolga kelib qolganligi sababli fuqaro korxona raxbariyatiga bu borada maʼlum qilib, amaliy yordam berishlarini soʻragan. Bunga javoban agar fuqaro rozi boʻlsa shaxsiy mablagʻi hisobidan 2,5km masofaga suv tarmogʻi tortib berishlarini aytishgan. Bu javobdan qoniqmagan fuqaro xonadonini suv tarmogʻidan uzib koʻyishlarini soʻrab yozma ariza bergan va shu yilning oʻzida xonadonida yer osti suvi(kachalka) qazdirib, undan bugungi kunga qadar foydalanib kelgan.

Oradan 19 yil oʻtib tuman “Suvoqava” korxonasi tomonidan ogoxlantirish xati yuborilib, unda 1302431 soʻm miqdorida qarzdorlik koʻrsatilgan va ushbu qarzdorlik 3 kun muddat ichida toʻlanmasa tegishli xujjatlar tayyorlanib MIBga taqdim etilishi xaqida ogoxlantirilgan. Urganish natijasidagi yakuniy taxlillarga kura fuqaro A.Xoshimovga korxona tomonidan ichimlik suvi uchun xisob-kitob qilib kiritilgan 1302431sum mikdoridagi karzdorlik summasi asossiz karzdorlik deb topildi.

Aslida toza ichimlik suvi butun dunyodagi eng global muammolardan biri. Shu bois suvni tejab ishlatish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.

Ogʻriqlar ila ingrayotgan orol dardi ham barchamizniki! Foydalanishga suvi yoʻq, minglab chaqirimlardan kundalik ehtiyojlari uchun suv tashib yashaydigan insonlarga oson emas albatta. Buni oʻz avtomashinasini yuvish uchun toza ichimlik suvini soatlab oqizib qoʻyib isrof qilayotganlar qayoqdan bilsin?! “Suvoqava” DUK kirdikorlariga ham koʻz yumib boʻlmas darajaga yetib keldi. Korxonani toza ichimlik suvini yetkazib berish borasida qanchadan-qancha muammolari bor, bundan tashqari “Suvoqava”ning hisob-kitob qilinadigan elektron tizimi respublikamizning 98% hududida toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan. Bu esa qoʻshib yozishlar, yolgʻon maʼlumot va qarzdorliklarni urchishiga sabab boʻlmoqda. Agar holat shu zaylda davom etaverar ekan ichimlik suvi pulini toʻlamagan “qarzdorlar”kamaymaydi. Ichimlik suvi muammosi esa ich-ichimizdan yemirayotgan muammo boʻlib qolaveradi.

Gulnoza Sharafova
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi