Yangiliklar

“Umidavtolizing” ga aldangan yana bir “qurbon”…

Ommaviy axborot vositalari, internet saytlarida jarchidek ming bor bong urishimizga qaramay, hanuz avtolizing xizmatlariga aldanib qolib, peshona teri ila topgan pulini ham, orzu qilgan avtomashinasini ham ololmay yotgan yurtdoshlarimizning Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga qilayotgan  murojaatlari aslo kamaygani yoʻq! Bugun yuzlab insonlarni yolgʻon vaʼdalar evaziga aldayotgan “Umidsavdofayzinvest” MCHJ xodimlari yuz yillar muqaddam bobolarimiz aytib ketgan “Yolgʻonchidan shon qolmas, nomidan nishon qolmas” naqlini magʻzini chaqishsa boʻlarmidi?! Ularning yolgʻoni  toʻriga tushib qolayotganlar kunda, kunora oramizda uchrab turibdi. Olis Qoraqalpogʻistonning Chimboy tumanida yashovchi soddadil yana bir yurtdoshimiz A.Sh 2018-yilning 26-iyun kuni “Umidsavdofayzinvest” MCHJ dan Kobalt avtomashinasini olish maqsadida shartnoma imzolab,  boshlangʻich toʻlov 36 mln 400 ming soʻmni  oʻtkazgan.  Shu kungacha shartnoma shartlari buzilib kelayotganligi haligacha avtomashina pulini qaytarib bermayotganligidan qattiq norozi boʻlib, Federatsiyaga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat asosida Federatsiya mutasaddilari tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.  Natijada isteʼmolchi hisob raqamiga 36 mln 400 ming soʻmi qaytarib berildi. Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi ogohlantiradi: Avtolizing xizmatlaridan foydalanishda ehtiyot boʻling, “Umidavtolizing” MCHJ aziyat chekayotganlar Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga murojaat qiling! Zero, isteʼmolchi sifatida oʻz huquqlaringiz buzilishiga yoʻl qoʻymang!