Yangiliklar

Umidlarni soʻndirgan “Umid avtolizing” kirdikorlari…

Bugun baʼzi bir “tadbirkor”lar yolgʻonchilikni oʻzlariga kasb qilib olgan. Ularni deb qanchadan-qancha insonlar sarson-sargardon.

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga avtolizinglardan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimiz murojaatlari shu kunlarda keskin oshib ketdi. Ayniqsa, “Umid avtolizing”MCHJdan “kuyib“ qolayotganlar figʻoni koʻkni tutmoqda.

Andijon viloyatida yashovchi M.Temirov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilar ekan, Fargʻona shahridagi “Umid savdo fayz invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan 2018-yilda shartnoma tuzib, DAMAS 3 DLX avtomashinasini buyurtma qilganini biroq buyurtmasi unga yetib kelmaganligini maʼlum qilgan.

Shartnomaga binoan MCHJ hisob raqamiga 31 250 000 soʻm boshlangʻich toʻlov amalga oshirilgan. Mashinani oladigan fursat kelib, oʻtib ketsa hamki, avtoulovdan darak boʻlmagan.

Federatsiya tomonidan tushuntirishlar olib borilgandan soʻng 40 kun ichida avtomashina uchun toʻlangan pul qaytarib berilishini zimmalariga olgan “Umid savdo fayz invest” MCHJ oʻz vaʼdasida turmadi.

Federatsiya mutasaddilari ham bu ishni oxiriga yetkazmay qoʻyishmadi. Vaʼda berib bajarmaydiganlar avtomobil uchun toʻlangan boshlangʻich pul mablagʻini egasiga qaytarib berishga majbur boʻldi.

QONUNLAR KUCHGA KIRSA…

Olot tumani “Denov” MFY istiqomat qiluvchi Oʻtkir Azimov yaxshi niyat bilan Buxoro shahridagi “Umid avtolizing” MCHJga “Nexia-3” yevro 2-pozitsiya avtomashinasi uchun shartnoma asosida pul toʻlaydi.

Naqd 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻmni hech qanday eʼtirozlarsiz, oʻz vaqtida topshiradi va avtoulov kelishini kutadi. Buni qarangki, na avtomobildan darak bor, na shartnomadagi vaʼda berilgan shartlardan. Natijada isteʼmolchi Oʻtkir Azimov fuqarolik huquqlari poymol etilganini tushunib yetadi hamda shartnomani bekor qiladi.

Biroq “Umid avtolizing” tashkiloti 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻm pulni qaytarishni paysalga solib keladi.

Sabr kosasi toʻlgan xaridor toʻlagan barcha pulini qaytarib olishda amaliy yordam soʻrab, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Ishonch telefoni 1091 ga murojaat qiladi. Federatsiya mutaxassislari vaziyatni oʻrganib chiqishdi.

Har ikki tomon bilan yaqindan muloqotda boʻlib, ularga “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi qonun haqida tushuntirish berildi.

Natijada Oʻtkir Azimov tomonidan toʻlangan 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻm pul mablagʻi toʻliq qaytarildi.

“Umid avtolizing” MCHJ esa kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonun doirasida dalolatnoma tuzildi.

Buxorolik Shohiddin Ahmedov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyasiga ariza yozib, oʻzini anchadan buyon qiynayotgan muammo yuzasidan murojaat qildi. Unga koʻra Shohiddin Ahmedov Buxoro shahridagi “Umid avtolizing” korxonasiga “Neksiya 3”avtomobili uchun 2018-yil avgust oyida 34.750.000 soʻm naqd pul toʻlagan. Ammo hozirga qadar avtoulovni ololmaganidan norozi boʻlgan. Federatsiya bunday muammolarga yechim topishga doim harakat qiladi. Uchar tadbirkordan isteʼmolchining 34.750.000 soʻm naqd puli olib berildi va uning qonuniy huquqlari tiklanishiga erishildi.

Buxoro shaharida “Umid avtolizing”ni yana bir qurboni Vobkent tumani Yangikent QFY Shirin qishlogʻida yashovchi fuqaro I. Ramazonov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ogʻzaki murojaat qilgan boʻlib, ushbu murojaatda qayd etilishicha isteʼmolchi 2018-yil 6-avgust kuni “Umid savdo fayz invest” MCHJdan NEXIA-3 rusumli avtomashinasi xarid qilish uchun shartnoma tuzgan va isteʼmolchi shartnomada koʻrsatilgan 34 750 000 soʻmni toʻlagan. Ammo avtomashinani oʻz vaqtida yetkazilmaganidan norozi boʻlgan. Isteʼmolchining murojaati jamiyat xodimlari tomonidan oʻrganilib, isteʼmolchi va tadbirkorning huquqlari tushuntirildi hamda isteʼmolchining toʻliq 34 750 000 soʻm naqd puli qaytarib berildi.

Buxorodan yana shunday murojaat kelgan boʻlib, Gʻijduvon tumanida yashovchi Rizqiddin Saidov ham “Umid avtolizing” bilan “Cobalt” avtomashinasi uchun shartnoma tuzib, toʻlov qilgan. Ammo shartnomada keltirilgan vaqtdan oylar oʻtib ketsa-da, mashinadan darak boʻlmagan. Federatsiya mutasaddilari aralashuvi bilan isteʼmolchiga avtomashina tez fursatda yetkazib berildi.

KUTILGAN… AMMO EGASIGA YETIB BORMAGAN AVTOULOV 

Bagʻdod tumani, Nurli yoʻl koʻchasi, 28-uyda yashovchi M.Hoshimovning oʻz arizasida kuyunchaklik bilan yozgan shikoyati oʻrganilganda u haq boʻlib chiqdi.

Arizada bayon qilinishicha, “Umid savdo fayz invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati Fargʻona hududiy boʻlimi va M. Xoshimov oʻrtasida tuzilgan 2018-yil 30-aprel kungi № Gʻ-26-sonli avans toʻlovi toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan, Chevrolet Nexia-3 avtomashinasi buyurtma qilingan. M.Hoshimovga jamiyat hisob raqamiga 36 025 000 soʻm boshlangʻich toʻlovni amalga oshirish qayd etilgan. Jamiyatga esa avtomashinani belgilangan muddat davomida isteʼmolchiga yetkazib berish majburiyati yuklatilgan.

Isteʼmolchi boshlangʻich toʻlovni amalga oshirgan boʻlsa-da, shartnomada koʻrsatilgan muddatda Chevrolet Nexia-3 avtomashinasi M.Hoshimovga yetkazib berilmagan. Oxir-oqibat avtomashina yetkazib berilmaganligi uchun shartnomani bekor qilib, toʻlov qilingan summa qaytarilishini soʻrab MCHJga ariza bilan murojaat qilgan. Biroq shartnomada koʻrsatilgan toʻlovning qaytarilish muddati oʻtsa ham toʻlangan mablagʻ qaytarilmadi.

Fargʻona shahar jamiyati tomonidan oʻrganish davomida “Umid savdo fayz invest” MCHJ Fargʻona hududiy filiali rahbariyatiga tegishli tushuntirishlar berildi. M.Hoshimovning eʼtirozlari inobatga olinib, Chevrolet Nexia-3 avtomashinasi uchun toʻlangan summa toʻliq qaytarib berildi.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Kegayli tumani boʻlimiga tumandagi Aqtuba ovulida yashovchi fuqaro Q.Yusupov murojaat qildi.

Murojaatda taʼkidlanishicha, isteʼmolchi 2018-yil 12-iyun kuni “Umidsavdo-fayzinvest” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan lizing asosida oq rangli NEXIA-3 avtomashinasini sotib olish uchun shartnoma tuzganligi va 2018-yil 12-iyun kuni 33 400 272 soʻm, shundan 18 826 272 soʻmini plastik kartadan, 14 574 000 soʻm naqd oʻtkazgani, pul toʻlaganiga 250 kun boʻlgan boʻlsada, na NEXIAdan va na puldan darak yoʻqligi qayd etilgan.

Ushbu murojaat yuzasidan jamiyat mutaxassislari oʻrganish ishlarini olib bordi. Unga koʻra, haqiqatdan lizing tashkiloti shartnoma shartlarini bajarmagani aniqlandi. Vaholanki, shartnomada pul oʻtkazilgan kundan boshlab 120 ish kunida avtomobilni isteʼmolchiga topshirilishi koʻrsatilgan.

Murojaat oʻrganib chiqilgandan keyin 10 kun ichida Q.Yusupov oʻz xohishiga koʻra, pulini toʻliq qaytarib oldi.

8 OYLIK UMIDLAR VA KUTISHLAR…

Xizmat koʻrsatuvchi tomonidan shartnoma shartlariga amal qilinmaganligi sababli oldindan amalga oshirilgan 34 million 710 ming soʻm mablagʻ isteʼmolchi foydasiga undirildi.

Qarshi shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Koson tumani Ravot mahallasida yashovchi fuqaro Hasan Samadov ariza bilan murojaat qilib, Qarshi shahrida joylashgan “Umid savdo fayz invest” MCHJ xizmatlaridan noroziligini bildirgan.

Arizada bayon qilinishicha, fuqaro H.Samadov “Nexia-3” rusumli avtomashinani uzoq muddatli lizing asosida sotib olish uchun “Umid savdo fayz invest” MCHJ bilan 2018-yil 6-fevral kuni K-49-sonli shartnoma imzolagan. Shartnoma shartlariga koʻra, u lizing xizmati koʻrsatuvchiga 34 million 710 ming soʻm toʻlovni oldindan amalga oshirishi, xizmat koʻrsatuvchi esa 120 kun muddatda avtomashinani yetkazib berishi lozim edi. Biroq H.Samadov tomonidan toʻlovlar oʻz muddatida amalga oshirilgan boʻlsa-da, lizing xizmati koʻrsatuvchi tashkilot transport vositasini yetkazib bermagan. Bu hol joriy yilning 14-sentyabriga qadar davom etgach, fuqaro H.Samadov ariza bilan murojaat qilishga majbur boʻlgan.

Mazkur murojaat tegishli tartibda oʻrganilib, “Umid savdo fayz invest” MCHJ va fuqaro oʻrtasida tuzilgan lizing shartnomasi isteʼmolchining tashabbusiga koʻra bir tomonlama bekor qilindi va avtomashinani sotib olish uchun toʻlangan pul isteʼmolchi foydasiga undirib berildi.

Bunday murojaatlarni qator –qator keltirish mumkin. Surxondaryo viloyatidan kelib tushgan arizada Rashid Sheraliyev “Lada Vesta” avtomashinasi uchun 56 mln. 300 ming soʻm toʻlov qilganini, biroq bugunga qadar mashinasi unga yetib kelmaganidan norozi boʻlgan. Yana bir surxondaryolik Gulnora Javliyeva ikkita “Damas” avtomashinasi uchun 67 million soʻm toʻlov qilgan. Bu isteʼmolchi ham ancha sarson boʻlib yurgandan soʻng, Federatsiya xodimlarining saʼy harakati bilan 33 million soʻm mablagʻini qaytarib olgan. Qolgan 33, 5 million soʻmni hanuzgacha olishga qiynalishmoqda.

Keltirilgan murojaatlarni oʻrgana turib, oʻylab qolasan kishi yurtimizning turli burchaklarida oʻz boʻlimlarini ochgan “Umid avtolizing” MCHJ nahotki, mehnatkash, sodda, mashina olish uchun peshona teri bilan mehnat qilib pul topadigan xalqimizni aldashni maqsad qilishgan boʻlsa? Zotan “Umid avtolizing” MCHJ xodimlari, rahbari “Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi” naqlini unutmasa boʻlgani. Xalqni norozi qilib topilgan daromad esa hech kimga buyurmaydi!

Gulnoza Sharafova,
Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi
yetakchi mutaxassisi