Yangiliklar

XARID CHEKINI SOʻRASHDAN UYALMANG!

– “Aʼlo, bu “Isteʼmolchi” tashkilotimi!.. Arzim bor edi, bozordan dazmol sotib oluvdim. Bir oygina ishlab buzilib qoldi. Doʻkonga olib borsam, qaytarib olishmadi. Bizdan olmagansiz, deyishyapti! Buni isbotlab berolmayapman, yordam bering!!!”
– Mahsulotni sotib olganingizda harid cheki, kafolat xati berishmaganmidi?
– Qanaqa chek, qanaqa kafolat xati, u nega kerak?”

Tan olish lozim, baʼzan shunday vaziyatlar ham uchrab turadi. Oʻzbekchiligimizga, soddaligimizga boramizmi, qoidalarga eʼtibor bermaslikka odatlanib qolganmiz. Agar xaridor mahsulotni хarid qilgan joydan yuqoridagi hujjatlarni olganida, bu tashvishlar boʻlmasligi aniq edi. Mahsulotning hujjati boʻlmasa, kimga, nimani, qanday qilib isbotlaysiz? Kafolat хati mahsulotni kafolat muddati davomida buzilib qolsa, bepul servis хizmati imkonini bersa, хarid cheki esa, mahsulotning sifatini taʼminlab, yoqmasa, almashtirib olishi mumkinligini anglatadi.

Bu masalaning oddiy, maishiy tomoni edi.

Vaziyatga boshqacharoq, yuqoriroqdan nazar tashlasak nima boʻladi? Tadbirkor doʻkoniga kassa apparati, terminal oʻrnatmasa, buni хaridor talab qilishni oʻrganmasa, buning natijasi oʻlaroq davlat iqtisodiyoti oqsayveradimi? Byudjet tushumining kamayishiga, xufyona iqtisodiyotga yoʻl ochadigan bu kabi arzimasdek tuyuladigan хatti-harakatlar avvalo “oʻz oyogʻimizga oʻzimiz tushov solishimiz” emasmi? Daromad manbaini yashirgan tadbirkorning halolligiga ishonish mumkinmi? Soliqchilar хarid chekiga antiqa taʼrif berishgan – har bir хarid cheki byudjetga tushayotgan tomchi kabidir. Toma – toma koʻl boʻlar, deyishadi, axir!

Maqsadlarimiz katta – yurtimizni obod qilamiz, yoʻllarni taʼmirlaymiz, turmush sharoitlarimizni yaxshilaymiz deymiz. Nimaning hisobiga? Buning uchun mahalliy byudjetida daromad yetarli boʻlishi kerak emasmi?

Hech oʻylab koʻrganmisiz, bir kunda necha marta doʻkonga kirasiz? Yoki savolni boshqacharoq beraylik – bir kunda necha soʻmlik xaridlarni amalga oshirasiz?

Koʻpchiligimiz xarid chekiga yuqoridagi fuqaro singari past nazar bilan qaraymiz! Mana, muammoning ildizi qayerda!

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Samarqand viloyat mutasaddilari bugun joylarda mazkur loyihaning mazmun – mohiyati hususida tushuntirish, huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirishmoqda. Zero, bir oddiygina xatti-harakatimiz zamirida yurtimiz farovonligi, mahallalarimiz, xonadonlarimiz obodligi kafolati yashiringan. Tortinmang, uyalmang, xarid qildingizmi, tovar chekini soʻrang! Zero Siz bu ishingiz bilan yurtimizning porloq kelajagi uchun oʻz ulushingizni qoʻshgan boʻlasiz!