Yangiliklar

YANA NOREAL QARZDORLIK

Oltiariq tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga T.Sodiqov koʻchasida yashovchi fuqaro M.Xojiakbarova yozma shaklda murojaat qildi. 

– Xonadonim gazlashtirilgan, foydalanilgan tabiiy gaz uchun toʻlovlarni esa oʻz vaqtida amalga oshirib kelaman. Biroq tuman MIB 8-iyul kuni tabiiy gaz toʻlovlaridan 280 000 (ikki yuz sakson ming) soʻm qarzdorligim va uni bartaraf qilishim lozimligi toʻgʻrisidagi talabnoma berdi. Oʻzim faxriy oʻqituvchi boʻlganligim bois huquq va majburiyatlarim haqidagi tushunchalarga egaman. Talabnomani olgach, toʻlov daftarchamni qoʻlimga olib, xonadonimga oʻrnatilgan gaz hisoblash uskunasi (GHU) koʻrsatkichi boʻyicha hisob-kitob qilib koʻrdim, natija haqdorligimni koʻrsatdi. Shundan soʻng tuman MIBga kelib holatni tushuntirishga, haqdorligimni isbotlashga urindim, lekin kutilgan natijaga erisholmadim. Shundan soʻng toʻgʻri sizlarning tashkilotingizga keldim. Ushbu murojaatimni xolisona koʻrib chiqishingizni va buzilgan huquqlarimni tiklanishida amaliy yordam koʻrsatishingizni soʻrayman.

Federatsiya mutaxassislari tomonidan isteʼmolchi murojaati tegishlicha rasmiylashtirilib, oʻrganish ishlari olib borildi. Jumladan, fuqaro M.Xojiakbarovaning xonadonida olib borilgan oʻrganishlar tabiiy gaz sarfini hisoblab borish uchun G-6 rusumli GHU oʻrnatilganligini, muhrlari joyidaligi, uskuna ishchi holatdaligi, 7966 m3 koʻrsatkchiga qadar ishlaganligi, noqonuniy foydalanish holatlari yoʻqligini koʻrsatdi.

Qarzdorlikka aniqlik kiritish maqsadida, tuman MIB va Oltiariqgaz korxonalari hamkorligida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida isteʼmolchi xonadonidagi GHU koʻrsatkichiga 2015-yilning mart oyida 4636 m3 qoʻshib kiritilganligi, ushbu hisob-kitob 01.01.2019-yilgacha yuritilib kelinganligi maʼlum boʻldi. Isteʼmolchi qoʻlidagi toʻlov hujjatlari asosidagi hisob-kitob esa uning haqdorligini koʻrsatib turibdi.

Tuman jamiyati tomonidan yuzaga kelgan holatga aniqlik kiritish maqsadida MIB Fargʻona viloyat boshqarmasiga va Fargʻona viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filialiga murojaat qilindi. Oradan maʼlum vaqt oʻtib mazkur idoralardan olingan javob xati bilan isteʼmolchi M.Xojiakbarovaning qarzdorligi yoʻqligi va toʻlovlar boʻyicha haqdorligi isbotini topdi.