Yangiliklar

YOʻLOVCHILAR MANFAATINI KOʻZLAB

Yozyovon tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yoʻlovchi tashish yoʻnalishida aholiga koʻrsatilayotgan ish, xizmatlar sifati talab darajasida emasligi, harakat yoʻnalishlarida tartibsizliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi, shuningdek yoʻl kira narxlarini sunʼiy ravishda oshib ketishi masalalarida Qoratepa hamda Guzarboshi mahalla fuqarolar yigʻini raislarining murojaati kelib tushdi. Murojaatda “Qoratepa-Yozyovon” yoʻnalishida aholiga yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatayotgan haydovchilarning hatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan.

Murojaat asosida oʻrganish oʻtkazilib, Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi mutaxassislari xamkorligida Qoratepa avtoshohbekatida faoliyat olib borayotgan “Nishonboy” xususiy firmasida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishga Qoratepa va Guzarboshi MFY raislari, fuqarolar hamda ushbu yoʻnalishda qatnovchi haydovchilar taklif etildi.

Uchrashuv doirasida yoʻlovchi tashish xizmatlarini koʻrsatayotgan masʼullar va haydovchilarga yoʻl kira narxlari oʻzboshimchalik bilan oshirmaslik, tasdiqlangan narxlarda yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatish, isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatuvchi subyektning nomi, joylashgan yuridik manzili, ish tartibi, yoʻnalishlar boʻyicha harakat jadvali, yoʻlovchi tashish transportlarining yoʻnalishlar boʻyicha nomini aks ettiruvchi lavha maʼlumotlari, imtiyozlarga ega boʻlgan yoʻlovchilar va yuk uchun qoʻllaniladigan tariflar, yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, haydovchilarning yoʻnalishga chiqishdan oldin tibbiy koʻrikdan, avtotransport vositasining texnik koʻrikdan oʻtishini taʼminlash, yoʻlovchilarga chiptalar berishning majburiy tartibini joriy etish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi tushuntirib oʻtildi.

Shuningdek, shunday holat takrorlansa yoʻnalish masʼullari, shu jumladan haydovchilarga nisbatan tegishli huquqiy taʼsir choralari koʻrilishi haqida ogohlantirildi. Yoʻlovchi tashish korxonasi rahbarlariga nazoratni yanada kuchaytirish, oʻzboshimchalik bilan narxni oshirayotgan, amaldagi qonun-qoidalar va tartiblarga amal qilmayotgan haydovchilarni makzur yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish huquqidan mahrum qilish boʻyicha takliflar kiritildi.