Yangiliklar

ESKIRGAN MAVZUNI ESLASHGA YANGI SABAB…

Oxirgi paytlarda qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ yigʻilishsa, kimningdir uyiga MIB dan xabarnoma kelgani-yu, unda katta summadagi qarzdorlik borligi aytilib, bu mavzu bahs-munozaraga aylanib ketadigan boʻlib qoldi.

Baʼzi fuqarolar oʻziga toʻq, mablagʻi yetarli boʻlsa-da, kommunal toʻlovlarni toʻlamasligi ayni haqiqat. Ular alohida mavzu. Ammo toʻlovlar borasida barcha qoidalarga rioya qiladigan yurtdoshlarimizning uyiga qarzdorlik toʻgʻrisida xabar kelsa, ular bu masalaga qanday yechim topishni oʻylab qolishlari ham tayin. Nishon tumanining Nuriston shaharchasida yashovchi Sherbek Eshonqulov tuman gaz idorasi tomonidan unga chiqarilgan noreal qarzdorlikni bartaraf qilishni soʻrab, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qildi.

Federatsiya xodimlari ushbu holat yuzasidan oʻrganish ishlarini olib borishdi.

Natijada Sh.Eshonqulov tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlarni elektron baza dasturiga kiritishda hisoblagich koʻrsatgichlari oʻzgartirib yuborilganligi va buning oqibatida xonadon hisobiga 9660 m3 gaz sarfi hisoblagich koʻrsatgichiga nisbatan ortiqcha hisoblanib, 3 121 957 soʻm asossiz qarzdorlik qoʻyilganligi maʼlum boʻldi. Noreal hisoblangan qarzdorlik isteʼmolchining hisobidan chiqarildi.

Asossiz qarzdoliklar bugunning eski mavzusiga aylandi ammo kelayotgan murojaatlarning aksariyati uni qayta tilga olishimiz uchun yangi sabab boʻlib xizmat qilmoqda.