FЕDЕRATSIYA RAISI XORAZMLIK YOSHLAR BILAN UCHRASHDI

Hududlarda aholining, xususan yoshlarning iste’mol madaniyatini oshirish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishish, shuningdek, 2018 yilda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rahbariyatining xizmat safari bo‘lib o‘tmoqda.

Navbatdagi xizmat safari Xorazm viloyatiga bo‘ldi va “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi loyihasi doirasida Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov va xorazmlik yoshlarning ochiq muloqoti tashkil etildi.

Urganch shahrida joylashgan Yoshlar markazining uchrashuvlar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuv qizg‘in bahs va savollarga boy bo‘ldi. Ushrashuvda Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov yoshlarga davlatimiz tomonidan bildirilayotgan ishonch va ularga yaratilayotgan shart-sharoit va qulayliklar haqida gapirar ekan, yaratilayotgan shart-sharoitlardan foydalanib, shu yurt uchun munosib farzand bo‘lish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Muloqot davomida Federatsiya rahbariyati tomonidan yoshlarni qiynayotgan va qiziqtirayotgan muammolar tinglandi hamda ularga Federatsiya miqyosida tegishli yechim topish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanliklari aytib o‘tildi.