Yangiliklar

Federatsiya raisi Jo‘qarg‘i Kenges Raisi qabulida bo‘ldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi M.Yrniyazov hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, Qoraqapog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi PF-5430-sonli “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hususida, shuningdek, Prezidentimizning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta tashabbusi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va shaharlarida “Iste’molchi kutubxonalari” qurilishi yuzasidan fikr almashildi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Federatsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi. M.Yerniyazov fuqarolarning muammolarini tizimli o‘rganish va ularni aniq hal etilishida samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarning iste’molchilik madaniyatini oshirish yuzasidan amalga oshiriladigan barcha loyihalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Federatsiya raisi Musa Tajetdinovichga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakatini har tomonlama rivojlantirish, aholining iste’mol madaniyati va huquqiy himoyalanish darajasi oshirilishida Federatsiya bilan doimiy hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan “Orolbo‘yini obod etaylik” loyihasi doirasida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Mo‘ynoq tuman bo‘limi xodimlariga mavsumiy yashash uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy ko‘chma turarjoy (12 nafar ishchi xodimlar uchun mo‘ljallangan vagon uy) taqdim etildi.

Shuningdek, “Obod xonadon – yurt ko‘rki” loyihasi doirasida Kegeyli tumani “Abad makan” OFYda istiqomat qiluvchi, boquvchisini yo‘qotgan Perixan Xalmuratova xonadoni Federatsiya mablag‘lari hisobidan to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.