Federatsiya tarixi

O‘zbekiston Respublikasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakati 1996 yil yil 26 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 30 – moddasiga muvofiq 1997 yilda O‘zbekiston aholisini sifatsiz mahsulot va xizmatlardan himoya qilishga o‘z ulushini qo‘shish va o‘z imkoniyatlarini birlashtirishga qaror qilgan bir qator xamfikrlar tashabbusi bilan poytaxtimizning Shayxontoxur tumanida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati shaklida tashkil topdi va 1999 yili Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu vaqtda respublikamizning 7 ta viloyatida hududiy jamiyatlar tashkil topdi. 2000 yil O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining navbatdan tashqari II s’ezdida jamiyatga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi nomi berildi. Bu vaqtda 9 ta viloyat va Toshkent shahrida jamiyatlar tashkil etilgandi. Faol iste’molchilarning sa’y-harakatlari tufayli ushbu jamoat tashkilotiga davlat tarafidan alohida e’tibor berilib, qo‘llab-quvvatlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002 yil 28 noyabrdan «Iste’molchilar huquqlarini Himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 414-qarorining qabul qilinishi mazkur ijtimoiy harakat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining tashkiliy tuzilmasi, hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishjamiyatlari federatsiyasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi ma’qullandi. 2003 yil 17 yanvardagi Federatsiyaning III ta’sis konferensiyasi Qoraqalpog‘istonRespublikasi Federatsiyasi, Toshkent shahri hamda respublikaning 12 viloyatidagi hududiy birlashmalarni birlashtirdi.