Yangiliklar

Iste’molchi huquqi tiklandi

Navoiy viloyati Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Zarafshon shahar 7-kichik tuman 8-uy 97-xonadonda yashovchi fuqaro Dilrabo Mavlonovadan og‘zaki murojaat kelib tushdi.

Murojaatda keltirilishicha, fuqaro 2018 yilning avgust oyida Zarafshon Markaziy buyum bozorida joylashgan savdo do‘konidan 2 400 000 so‘mga “Artel” rusumli televizor sotib olgan va sotuvchi tomonidan 1 yil muddatga kafolat berilgan. Ammo, yangi televizorda kafolat muddati tugamay, nosozliklari paydo bo‘lgan. Iste’molchi bu haqda sotuvchiga murojaat qilganda, sotuvchi har xil bahonalar bilan rad javobini bergan. Murojaati jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilganda, iste’molchining haqiqatda haqligi va sifatli tovar olish huquqiga ega ekanligi aniqlandi.

Sotuvchiga “O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining tegishli moddalari tushuntirib o‘tildi. Nuqsonli tovarning barcha kamchiliklari bartaraf etildi, fuqaro o‘z minnatdorchiligini bildirib, arizasi qonuniy tartibda ko‘rib chiqilganligidan mamnun bo‘ldi.