Yangiliklar

ISTE’MOLCHIGA QO‘LLANILGAN 44 MILLION SO‘M JARIMA BEKOR QILINDI

Qashqadaryo viloyati Kasbi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Mesit qishlog‘ida yashovchi fuqaro Karim Ochilov elektr ta’minoti korxonasi tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga asosan qo‘llanilgan jarima asossiz ekanligidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Qayd etilishicha, 2017 yilning 17 yanvarida elektr ta’minoti korxonasi sobiq nazoratchilari Z. Husenov, M.Ro‘ziev va R.Mukarramovlar tomonidan K.Ochilovning nomiga 10237-000300-sonli dalolatnoma rasmiylashtirilib, unga nisbatan 44 044 294 so‘m jarima qo‘llanilgan. Bunga xonadondagi tegirmonning hisoblagichi joyida emasligi qoidabuzarlik sifatida ko‘rsatilib, to‘la quvvat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilgan.

O‘rganish jarayonida, mazkur dalolatnoma amaldagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga zid ravishda rasmiylashtirilganligi aniqlandi. K.Ochilov 2014 yilning aprel oyida elektr ta’minoti korxonasini tegirmoni ishlamasligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor etgan va elektr sarfi hisobini to‘xtatgan. Bundan tashqari, 2014-2017 yillar mobaynida hudud nazoratchisi tomonidan 15 marta nazorat ishlari olib borilgan bo‘lib, tegirmonning ishlamayotganligiga guvoh bo‘lingan. Dalolatnoma tegirmon uchun ochilgan abonent raqamiga emas, balki K.Ochilovning xonadoni uchun ochilgan abonent raqamiga rasmiylashtirilgan.

Yuqoridagi asoslarga ko‘ra noqonuniy qo‘llanilgan jarimani bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan mazkur dalolatnoma g‘ayriqonuniy deb topildi va iste’molchiga qo‘llanilgan 44 044 294 so‘m jarima bekor qilinib, elektr ta’minoti bazasidan chiqarish majburiyati yuklatildi.