Yangiliklar

Iste’molchilarga yozilgan asossiz penyalar bekor qilindi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Qarshi shahar jamiyatiga «O‘ztransgaz» AK Qashqadaryo viloyati hududiy gaz ta’minoti filiali foydalanilgan gaz uchun to‘lanmagan qarzdorliklar bo‘yicha aholiga penya hisoblayotganligi yuzasidan, ayrim xonadonlarda gaz idorasi bilan o‘zaro shartnoma imzolanmaganligiga qaramay, asossiz ravishda 2013 yildan to hozirgi kunga qadar penya bo‘yicha qarzdorlik hisoblanayotganligi, uy kadastri hujjatlarini yangilash yoki uyni oldi-sotdi shartnomasini notarius orqali ro‘yxatga olishda eski yillardagi penya bo‘yicha qarzdorlik haqida ogohlantirilmasdan, hujjat so‘ralgan vaqtdagina penya qarzdorligi og‘zaki bildirilayotganligi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Qarshi shahar Quyoshli ko‘chasi 1 B-uyda yashovchi nafaqadagi fuqaro Mahmud Pirmatov xonadoniga 2019 yil aprel oyining boshida Qarshi gaz ta’minoti xodimlaridan notarius uchun ma’lumotnoma taqdim etishini so‘raganida, gaz idorasi xodimlari ma’lumotnoma berishni rad etgan. Fuqaroning 2013 yildan hozirgi kungacha to‘lanmagan qarzdorlik hisobiga 320 101 so‘m penyadan qarzi borligini ro‘kach qilishadi. Fuqaro tomonidan har oy oxirida gaz idorasidan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida yozma ma’lumot olingan, biroq ushbu ma’lumotnomani berishda gaz ta’minoti xodimlari penyadan qarzdorlik bo‘yicha hech qanday ma’lumot berishmagan. Vaholanki, fuqaroning tabiiy gaz to‘lovidan 2019 yil 10 aprel holatiga 28 000 so‘m ortiqcha to‘lovi mavjud bo‘lgan. Gaz idorasi xodimlari tomonidan fuqaroga 2013 yildan buyon penya qarzdorligi bo‘yicha hech qanday og‘zaki yoki yozma bildirish berilmagan va gaz yetkazib berish bo‘yicha iste’molchi va ijrochi o‘rtasida o‘zaro shartnoma imzolanmagan.

Ushbu holat bo‘yicha Federatsiya mutaxassislari surishtiruv ishlarini olib bordi va vaziyatni o‘rganib chiqdi. Natijada iste’molchi M.Pirmatov foydasiga FIB Qarshi tumanlararo sudiga asossiz penyani bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritildi.

Shuningdek, Qarshi shahar Binokor ko‘chasi 28-uyda yashovchi fuqaro Mohichehra Mahkamova xonadoniga ham 2019 yil 14 may kuni navbatdagi gaz to‘lovini to‘lashga ta’minotchi korxona xodimlari borganida, fuqaroning to‘lanmagan qarzdorlik uchun 2013 yil iyun oyidan boshlab hozirgi kunga qadar 396 000 so‘m penya qarzdorligi mavjudligini og‘zaki bildirgan. Fuqaro tomonidan har oy oxirida gaz idorasidan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida yozma ma’lumotlar olingan, biroq yana o‘sha vaziyat – ushbu ma’lumotnomani berishda fuqaroga penyadan qarzdorlik bo‘yicha hech qanday ma’lumot berilmagan. Vaholanki, fuqaroning tabiiy gaz to‘lovidan 2019 yil 14 may holatiga 54 000 so‘m ortiqcha to‘lovi mavjud bo‘lgan.

Shu kabi holat Qarshi shahar 3 m/t, 8-uy, 41-xonadonda yashovchi fuqaro Elmira Ixsanova bilan ham takrorlanadi. Fuqaroga 2013 yildan 2019 yil 15 may holatiga qadar 184 000 so‘m penyadan noreal qarzdorlik hisoblangan. Ushbu holat bo‘yicha Qarshi shahar jamiyati tomonidan fuqaro foydasiga FIB Qarshi tumanlararo sudiga asossiz penyani bekor qilish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritildi.

Qarshi shahar Bobir ko‘chasi 12-uyda yashovchi fuqaro Azamat Xoliqov tomonidan Qarshi shahar jamiyatiga murojaat qilib, uning xonadoniga gazdan 750 000 so‘m penya hisoblanganligi to‘g‘risida murojaat qildi. Murojaat Federatsiya mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, navbatdagi murojaat ijobiy hal etildi.