JAMOAT TASHKILOTLARI – DEMOKRATIK QADRIYATLARNI HIMOYA QILISHDA MUHIM ROL O`YNAMOQDA

Kecha, 2018 yil 7 may kuni O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov hamda Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunovlar ishtirokida amaliy uchrashuv bo`lib o`tdi.

Uchrashuv chog`ida viloyatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, jamoat tashkilotlarining faoliyati haqida fikr almashildi. Xususan, uchrashuvda joriy yilning 4-may kuni imzolangan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishi chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5430-sonli Farmoni atroflicha muhokama qilinib, hozirgi globallashuv sharoitida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, ularning potensialidan to`g`ri foydalanish kabi masalalarga to`xtalib o`tildi. Farmonda ta’kidlanganidek, bugungi kunda faoliyat ko`rsatayotgan 9200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy ma’rifiy maqsadlarga erishishda muhim rol o`ynamoqda.

Uchrashuv davomida Navoiy viloyatining jamoat tashkilotlari bilan ishlashdagi boy tajribasi, yuqorida zikr qilingan Prezident Farmoni ijrosini ta’minlashda poydevor bo`lishi aytib o`tildi.