Yangiliklar

KAFOLAT MUDDATIDA NOSOZ TEXNIKA QAYTARILIB BERILADIMI?

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyati Navoiy shahar jamiyatiga Tinchlik ko‘chasi 7-4 xonadonda yashovchi fuqaro Xursand Rasulova yozma murojaat qilgan. Iste’molchi Navoiy shahrida joylashgan savdo markazidan 4.600.000 so‘mga sotib olgan “ATLANT” rusumli muzlatgich kafolat muddati ichida yaroqsiz holga kelib qolganidan noroziligini bildirib, ushbu masalada amaliy yordam berishni so‘ragan.

Murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, Xursand Rasulovaning shikoyati asosli ekanligi kuzatilib, mutaxassis ishtirokidagi ta’mirlash ishlaridan keyin ham muzlatgich yaroqsiz holda ekanligi aniqlandi.

Savdo markazi  rahbariyatiga fuqaroning iste’molchi sifatida huquqlari tushuntirildi va iste’molchining tanloviga ko‘ra unga muzlatgich uchun to‘lagan 4.600.000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.