Yangiliklar

Kommunal sohalardagi assosiz qarzdorliklar qachon tugaydi?

Soʻnggi vaqtlarda asossiz qarzdorlikka oid maqolalarimizni juda koʻp berib bormoqdamiz.

Boisi, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismi ham aynan kommunal toʻlovlardagi noreal qarzdorliklardan boʻyicha boʻlmoqda. Majburiy ijro Byurosi xodimlari tomonidan tashlab ketilgan maʼlumotda “otning kallasiday” qarzdorlikni koʻrgan har qanday inson, ayniqsa, har oyda toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlaydigan nafaqaxoʻrlar, oylik maoshini maʼlum qismini toʻlovlarga oʻtkazadigan yurtdoshlarimizga bu alam qilishi turgan gap!

Romiton tumanida yashovchi Xudoyorova Mavjuda ham xonadoniga MIB xodimlari tomonidan 3 000 000 (uch million) soʻm assosiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi boʻlib murojaat qilgan. Holat yuzasidan federatsiya xodimlari isteʼmolchining xonadoniga borib oʻrganish ishlarini olib borganda 3 000 000(uch million) soʻm asossiz qarzdorlik ekanligi maʼlum boʻldi, aslida xonadonni gaz toʻlovidan 40 ming soʻm karzdorligi mavjudligi aniqlandi. Qolgan noreal qarz yoʻq. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi “yurtdoshlarimizni koʻpchiligini asossiz qarzdorliklar qiynashining sababi nimada?”…

Bugun barcha viloyat, tumanlardagi elektr va gaz taʼminotlari, Suvoqava korxonalari maʼlumotlar joylashtiriladigan tizimni nazoratga olish vaqti kelmadimi? Axir oydagi hayotni, quyosh sistemasidagi jarayonlarni oʻrganayotgan zamonaviy texnologiyalar mavjud davrda kommunal toʻlovlar tarmogʻida aniq hisob-kitoblarni shakllantirish shunchalik muammomi? Ayrim qoʻshtirnoq ichidagi gaz, elektr energiyasiga noqonuniy ulangan fuqarolarimiz ham oʻylab koʻrishsin, ularning oʻgʻriligi evaziga boshqalar “qarzdor” degan nomga qolib ketmoqda. “Kasalni mayiz emas, achchiq dori tuzatar” deganlaridek achchiq boʻlsa-da, yana bir gap… Majburiy ijro Byurosining ayrim xodimlari qarzni undirish uchun borar ekan, bu qarzdorlik asossiz degan fuqaroga qoʻpollik qilmay, holatni aniqlashga koʻmak bersa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Zero, odamlarda paydo boʻladigan noroziliklar tinch hayotimizga rahna solmasin!

Qoʻshilishib harakat qilinsa, “yer sharini siljitish mumkin” degan qarashlar bor. Demakki, bu tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun har birimiz javobgarmiz!