KOMPYUTER “XATO”SI TUFAYLI

O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya hilish jamiyatlari federatsiyasining “10-91” qisqa raqamli ishonch telefoniga Samarqand shahri, “Chilquduq” mahalla fuqarolar yig`ini, Ziyolilar ko`chasida yashovchi O.Norqulov qo`ng`iroq qilgan. Uning aytishicha, xonadonida o`rnatilgan gaz hisoblagich bilan tumangaz ta’minoti korxonasi kompyuter bazasidagi hisob-kitob o`rtasida katta farq bor.

Kompyuter ko`rsatkichlari bo`yicha, uning gazdan 3 million so`mdan ziyodroq qarzdorligi mavjud.

Mazkur murojaat tegishliligi bo`yicha, Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o`rganildi. Iste’molchi O.Norqulovning tabiiy gaz uchun amalga oshirgan to`lovlari hisoblab chiqilganda, qarzi mavjud emasligi, aksincha, 12 700 metr kub gazga oldindan to`lovi borligi aniqlandi. O`rganishlar bo`yicha dalolatnoma tuzilib, korxona xatosi, aniqrog`i komyuter xatosi to`g`irlandi va 3 679 190 so`m qarzdorlik iste’molchidan olib tashlandi.