KO`NGIL OBODLIGI YO`LIDA

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Omina Xolmatovaga kommunal to‘lovlaridagi mavjud qarzdorligini bartaraf etishga ko‘maklash maqsadida besh yuz ming so‘m berdi.

Oltiariq tumani, Sertut mahallasida yashovchi Omina Xolmatova nafaqada. Turmush o‘rtog‘i vafot etganidan so‘ng, u to‘rt nafar qiz va bir nafar o‘g‘ilni yolg‘iz voyaga yetkazdi. Qizlari turmushga chiqqandan so‘ng opa yolg‘iz o‘g‘li bilan birga yashar edi. 1979 yilda tug‘ilgan o‘g‘li 2016 yilda diniy ekstremistik oqimiga aloqadorligi sabab 5 yilga qamaldi. Prezidentga avf so‘rab murojaat qilgan. Kelini shu yilning fevral oyida og‘ir kasallikdan vafot etdi. Onaxon bugungi kunda uch nafar nabiralari bilan yashaydi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov kuni kecha O.Xolmatova xonadoniga tashrif buyurib, unga kommunal to‘lovlaridagi mavjud qarzdorligini bartaraf etishga ko‘maklash maqsadida besh yuz ming so‘m hamda nabiralariga sovg‘a-salom topshirdi.

Avval xabar berganimizdek, federatsiya tomonidan muborak Ramazon oyida “Ijtimoiy ko‘mak” aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Ushbu muqaddas oyning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oyalar, dinimiz arkonlarini e’zozlash, hozirgi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, ahil va hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etish, muborak oyda yordamga muhtoj va ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab- quvvatlash maqsad qilingan.

Aksiya doirasida respublikamiz bo‘ylab 500 nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, yakka yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni ijtimoiy himoyalash uchun ularning kommunal to‘lovlaridagi mavjud qarzdorligi bartaraf etishga ko‘maklashilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun Federatsiya mablag‘lari hisobidan 25 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.