MAQSADIMIZ — ODAMLARNI ROZI QILISH

Bugun (28.03.2018 yil) O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rahbariyatining hududiy birlashmalar ish faoliyatiga amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek Federatsiya Markaziy ijro etuvchi apparati huzurida tashkil etilgan tadbirkorlik tuzilmalari ish faoliyatini nazorat qilish hamda ularning har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida, Qashqadaryo viloyatiga xizmat safari boshlandi.

Xizmat safari mobaynida rejalashtirilgan amaliy ishlar doirasida Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov hamda Qamashi tuman hokimi Faxriddin Do‘stmurodovlar ishtirokida tumanda fuqarolar yig‘inining jamoatchilik nazorati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, tuman hududida Federatsiya Markaziy ijro etuvchi apparati mablag‘lari hisobiga tashkil etilgan nasldor echki va qo‘ylarni yetishtirishga ixtisoslashgan “Hisor protect consumers” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyatini yanada rivojlantirish, zotdor echki va qo‘ylar tuyoq sonini ko‘paytirish, respublikamiz aholisini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash borasida o‘zaro fikr almashildi.